Opa-singil Mirziyoyevalar qo‘g‘irchoq teatridagi spektaklni tomosha qildi

Opa-singil Mirziyoyevalar qo‘g‘irchoq teatridagi spektaklni tomosha qildi

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va World Aquatics Byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatriga tashrif buyurdi.

Opa-singil Mirziyoyevalar teatr sahnasida Vilgelm Gaufning mashhur ertagi asosida sahnalashtirilgan “Xalifa Laylak” spektaklini tomosha qildi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

“Biz O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatriga borib, katta taassurotlar oldik. Vilgelm Gauf ertagi asosida sahnalashtirilgan “Xalifa Laylak” spektaklini ko‘rdik. Bu asar inson irodasi, o‘zligini anglash va hayotiy qadriyatlar haqida hikoya qiluvchi biz uchun ham aziz va sevimli asarlardan biri”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Uning ta’kidlashicha, rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi yakunlanganidan keyin teatr hayoti yanada faollashgan.

“Bugun bu yerda spektakllar namoyish etilmoqda, bolalarning quvonchli kulgusi yangramoqda, ota-onalar farzandlari bilan vaqt o‘tkazmoqda. Teatrning tarixiy qiyofasi va o‘ziga xos muhiti ehtiyotkorlik bilan saqlab qolindi. “Ertaklar shaharchasi”, zalning cho‘yan eshiklari, karnay chalayotgan sozandalar timsoli, noyob shisha plafonlar, peshtoq kompozitsiyalari hamda mozaikalar qayta tiklandi”, dedi u.

Ma’lum qilinishicha, Saida Mirziyoyeva Toshkent shahridagi uchta teatr faoliyati bilan ham tanishib, ularning binolarini ko‘zdan kechirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, teatrlar va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ta’mirtalab binolarni qayta tiklash hamda ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash masalalarini hal etish uchun mas’ul shaxslar belgilangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar