TRAPPIST-1e va TRAPPIST-1f ekzosayyoralarining iqlim modellari eʻlon qilindi

Astronomlar Yerdan taxminan 41 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan TRAPPIST-1 tizimidagi eng koʻp muhokama qilinadigan ikki ekzosayyora — TRAPPIST-1e va TRAPPIST-1f iqlimini modellashtirishdi. Ushbu sayyoralar hayot uchun mos sharoitlarga ega boʻlishi mumkin boʻlgan asosiy nomzodlar hisoblanadi, biroq ularning fizik muhiti hali ham noaniqligicha qolmoqda. Ikkala sayyora ham oʻz yulduziga juda yaqin joylashgani sababli, ular doimiy ravishda bir tomoni bilan yulduzga qarab turadi, yaʻni bir tomonda "abadiy kunduz", ikkinchi tomonda esa "abadiy tun" hukmron. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Blue Marble Space tashkiloti astrofizigi Jacob Haqq-Misra ushbu tadqiqotda modifikatsiyalangan HEXTOR modelidan foydalandi. Ushbu model minglab turli iqlimiy ssenariylarni tezkorlik bilan tahlil qilish imkonini beradi. Tadqiqotchi yulduz nurlanishi oqimi va atmosferadagi karbonat angidrid (CO2) bosimini oʻzgartirgan holda 6300 ga yaqin simulyatsiyalarni amalga oshirdi. Bu ekzosayyoralardagi issiqlik rejimini aniqroq baholashga yordam berdi.
Natijalarga koʻra, TRAPPIST-1e sayyorasi uchun eng ehtimoliy ssenariy kunduzgi tomonning "salqin" iqlimga ega boʻlishidir. Sayyora yuzasi faqat CO2 bosimi 0,1 bar darajasiga koʻtarilgandagina muzdan xoli boʻlishi mumkin. Pastroq koʻrsatkichlarda esa sayyora sovuq holatda qoladi. TRAPPIST-1f esa ancha sovuqroq rejimni koʻrsatdi: koʻp hollarda u butunlay qor va muz bilan qoplangan boʻlib, uning erishi uchun 1 bardan yuqori issiqxona gazlari bosimi talab etiladi.
Muallifning taʻkidlashicha, HEXTOR modeli sayyoralarning hayot uchun yaroqliligi haqida yakuniy xulosa bermaydi. Uning asosiy vazifasi — minglab konfiguratsiyalar orasidan eng istiqbolli ssenariylarni saralab olishdir. Keyinchalik bu maʻlumotlar murakkabroq iqlim modellari va teleskoplar yordamida batafsil tekshiriladi.





























Izohlar 0
…