360 km/soat tezlikda internet: Moskva-Sankt-Peterburg yoʻli LTE bilan qoplanadi

360 km/soat tezlikda internet: Moskva-Sankt-Peterburg yoʻli LTE bilan qoplanadi
Audio versiyasi

Rossiya temir yoʻllari (RJD) Moskva va Sankt-Peterburgni bogʻlovchi yangi yuqori tezlikdagi magistral (VSM) boʻylab uzluksiz LTE aloqasini taʼminlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori oʻrinbosari Yevgeniy Charkin maʼlum qildi. Loyiha “Buro-1440” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va butun yoʻnalish boʻylab zamonaviy aloqa standartlari joriy etiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Hozirgi vaqtda Rossiya temir yoʻllarida mobil tarmoq qamrovi 30 foizdan oshmaydi. Shu sababli, yangi magistral uchun sifat jihatidan mutlaqo yangi telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish talab etiladi. Bu yoʻlovchilarga poyezd harakatlanayotgan vaqtda ham yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkonini beradi.

Rossiyadagi birinchi yuqori tezlikdagi temir yoʻl magistralining uzunligi qariyb 700 kilometrni tashkil etib, u oltita hududni kesib oʻtadi. Transport vazirligi maʼlumotlariga koʻra, poyezdlar 400 km/soatgacha tezlikka chiqa oladi, asosiy kreyser tezligi esa 360 km/soatni tashkil qiladi.

Prognozlarga koʻra, 2030-yilga borib ikki shahar oʻrtasidagi yoʻlovchi oqimi yiliga 23 million kishiga yetishi mumkin. Hukumat farmoyishiga binoan, magistralni loyihalash va qurish ishlari 2024–2028-yillarga moʻljallangan boʻlib, u 2028-yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar