Starship orqali koinotga yuk tashish samolyotdan ham arzonroq boʻladi

Starship orqali koinotga yuk tashish samolyotdan ham arzonroq boʻladi

Elon Musk Starship raketasi orqali koinotga yuk yetkazib berish narxi kelajakda samolyotda yuk tashish narxidan ham arzonroq boʻlishini maʼlum qildi. Starship loyihasining asosiy inqilobiy jihati shundaki, u toʻliq qayta foydalanish mumkin boʻlgan dunyodagi birinchi orbital raketa boʻladi. Muskning taʼkidlashicha, avtomobil, samolyot yoki kema kabi transport vositalari koʻp marta ishlatilgani sababli arzon hisoblanadi, raketa texnologiyalarida esa shu paytgacha bunday imkoniyat boʻlmagan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

SpaceX rahbari Falcon 9 raketasi bilan bu yoʻlning bir qismini bosib oʻtganini, ammo Starship bilan toʻliq qayta foydalanish darajasiga chiqishini aytdi. Tizim toʻliq ishga tushgach, orbitaga yuk olib chiqish xarajatlari faqat yoqilgʻi narxiga tayanib qoladi. Starship uchun yoqilgʻi sifatida suyuq kislorod va metan ishlatiladi, bu esa aviatsiya kerosinidan ancha arzonroqqa tushadi.

Elon Muskning soʻzlariga koʻra, Starship tizimining toʻliq koʻp martalik ekanligi 2026-yilda amalda isbotlanishi kutilmoqda. Agar barcha rejalar amalga oshsa, koinotga chiqish narxi 100 baravarga pasayishi mumkin. Hozirda Falcon 9 yordamida 1 kg yukni orbitaga chiqarish narxi 18 500 dollardan 1 400 dollargacha tushgan boʻlsa, Starship bu narxni yana 99 foizga arzonlashtirishi kutilmoqda.

Ayni damda Texasdagi Starbase kosmodromida Super Heavy Booster 20 va Ship 20 qurilmalari 13-parvozga tayyorlanmoqda. Shuningdek, SpaceX muhandislari raketani tutib olish uchun moʻljallangan Mechazilla tizimini takomillashtirishda davom etmoqda. Bunday raketalar kelajakda yangi avlod Starlink sunʼiy yoʻldoshlarini orbitaga chiqarib, global internet tarmogʻining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini bir necha barobar oshiradi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar