Anthropic kompaniyasi AQSH Milliy xavfsizlik agentligi uchun maxfiy Claude Mythos modelini ishga tushirdi

Claude sunʼiy intellekt modellari ishlab chiqaruvchisi boʻlgan Amerikaning Anthropic kompaniyasi atrofida yirik mojaro avj olmoqda. Financial Times nashrining vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSH Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) kiberoperatsiyalar sohasidagi vazifalar uchun maxsus Claude Mythos modelidan foydalanmoqda. Vaholanki, rasman kompaniya va AQSH Mudofaa vazirligi tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlik taqiqlangan edi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi oylar davomida Anthropic muhandislari MXA boʻlinmalarida faoliyat yuritib, Mythos modelini ixtisoslashtirilgan vazifalarga moslashtirishda yordam berishgan. Rasmiy ravishda gap kiberxavfsizlik ehtiyojlari haqida ketayotgan boʻlsa-da, manbalar ushbu texnologiya hujumkor operatsiyalarda, masalan, xorijiy kompyuter tarmoqlaridagi zaifliklarni topish va ularga kirib borishda qoʻllanilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Zamonaviy kiberziddiyatlar bir necha yil oldingiga qaraganda ancha tez rivojlanmoqda. Agar ilgari zaiflikni aniqlash va undan foydalanish oʻrtasida oylar oʻtgan boʻlsa, bugungi kunda bu vaqt soatlar yoki hatto daqiqalar bilan oʻlchanmoqda. Bunday sharoitda sunʼiy intellekt vositalari razvedka xizmatlari uchun muhim ustunlikka aylanmoqda. Claude Mythos neyrotarmogʻi dasturiy taʼminotni avtomatik tahlil qilish va operatsion tizimlar hamda brauzerlardagi koʻplab zaif nuqtalarni topishga qodir.
Kompaniya va AQSH maʼmuriyati oʻrtasidagi ziddiyat 2026-yil boshida, Oq uy Anthropic bilan 200 million dollarlik shartnomani muhokama qilganida boshlangan edi. Oʻshanda hukumat sunʼiy intellekt tizimlaridagi cheklovlarni yumshatishni talab qilgan, biroq kompaniya rahbari Dario Amodei ommaviy kuzatuv va avtonom jangovar tizimlarda sunʼiy intellektdan foydalanishga qarshi chiqqan. Natijada, 2026-yil mart oyida Pentagon Anthropic mahsulotlarini milliy xavfsizlik uchun "tizimli xavf" deb eʼlon qilgan edi.
Hozirda kompaniya oʻz huquqlarini sudda himoya qilmoqda, davlat organlari esa milliy xavfsizlik masalalarini vaj qilib keltirmoqda. Agar Financial Times maʼlumotlari tasdiqlansa, vaziyat gʻalati koʻrinish oladi: maxsus xizmatlar federal hukumat bilan nizolashayotgan va rasman xavfli deb topilgan kompaniya texnologiyalaridan yashirincha foydalanishda davom etmoqda.





























Izohlar 0
…