Quyoshda eng yuqori X sinfidagi chaqnash yuz berdi: Yerga plazma oqimi kelmoqda

Quyoshning 4455-sonli faol hududida eng yuqori X1.0 darajasidagi kuchli chaqnash qayd etildi. Bu soʻnggi vaqt ichida sodir boʻlgan uchinchi yirik hodisa boʻlib, undan avvalroq M9.3 va M7.7 darajasidagi chaqnashlar kuzatilgan edi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu jarayonlar natijasida Yer tomon ulkan plazma bulutlari yoʻnalgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rossiya Fanlar akademiyasi Koinot tadqiqotlari instituti (IKI) va Quyosh-yer fizikasi instituti (ISZF) laboratoriyasi maʼlumotlariga koʻra, ertalabki ikkita plazma otilishi Yerga qarab harakatlanmoqda. Chaqnashlar orasidagi vaqt oraligʻi qisqa — taxminan 5,5 soat boʻlgani sababli, ikki bulut yoʻlda birlashib, ikkita yadroli yirikroq massaga aylanishi mumkin.
Bunday ssenariy sayyoramiz magnitosferasiga taʼsir qilish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi. Hozirgi hisob-kitoblarga koʻra, Yerga "qoʻshaloq zarba" payshanbadan jumaga oʻtar kechasi kutilmoqda. Birinchi zich yadro Toshkent vaqti bilan taxminan soat 00:00 atrofida, ikkinchisi esa soat 04:00 larda yetib kelishi taxmin qilinmoqda.
Prognozlarga koʻra, G3–G4 darajasidagi, yaʼni kuchli va juda kuchli magnit boʻronlari yuzaga kelishi mumkin. Olimlarning taʼkidlashicha, plazma oqimining trayektoriyasi deyarli aniq va zarba frontal koʻrinishda boʻladi. Hozirgi mavsumda qutb yogʻdusini kuzatish imkoniyati past boʻlsa-da, mutaxassislar buni butunlay inkor etishmayapti.





























Izohlar 0
…