NASA Tayvanni Artemis oy dasturida ishtirok etishga taklif qildi

NASA ilk bor Tayvanni o‘zining Artemis oy dasturi uchun texnologik yechimlar taklif etishga rasman chaqirdi. Taypey rasmiylari ushbu taklif mamlakatning «oy iqtisodiyoti»ga kirib borishi va mahalliy kompaniyalarning global kosmik bozorga vositachilarsiz chiqishi uchun imkoniyat yaratishiga ishonmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Taklif «Request for Information» (RFI) shaklida yuborilgan bo‘lib, u Artemis dasturidagi 32 ta texnik vazifani hal etish uchun qanday texnologiyalar mavjudligini aniqlashni ko‘zlaydi. Garchi bu tender yoki shartnoma bo‘lmasa-da, u Tayvan kompaniyalariga o‘z imkoniyatlarini bevosita NASA mutaxassislariga namoyish etish imkonini beradi.
Tayvan kosmik agentligi (TASA) rahbari U Chjunsinning ta’kidlashicha, ilgari mahalliy ishlab chiqaruvchilar faqat ikkinchi darajali pudratchilar sifatida ishlagan. Endilikda esa Tayvan yarimo‘tkazgichlar va yuqori aniqlikdagi mexanika sohasidagi tajribasi orqali oy bazasini avtomatlashtirish va intellektual boshqaruv tizimlarini yaratishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Artemis dasturi 2028-yilga kelib odamlarni Oyga qaytarish va 2030-yilga qadar u yerda doimiy baza qurishni maqsad qilgan. Tayvan hukumati ushbu loyihada ishtirok etishni kosmik sanoatni rivojlantirishning yangi drayveri deb biladi va buning uchun universitetlar hamda xususiy kompaniyalardan iborat «milliy jamoa»ni shakllantirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!