NASA Artemis III missiyasini oʻzgartirdi: Oyga qoʻnish kechiktirilmoqda

NASA Artemis III missiyasi konsepsiyasiga oʻzgartirish kiritdi. Endilikda ushbu parvoz Oyga emas, balki Yerning past orbitasiga amalga oshiriladi. Bu qadam boʻlajak Oyga qoʻnish operatsiyalarini mukammal darajada bajarish uchun muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Missiyaning asosiy maqsadi Orion kosmik kemasining Oy modullari bilan oʻzaro hamkorligini sinovdan oʻtkazishdir. NASA ushbu jarayonda ilk bor SpaceX va Blue Origin kompaniyalari bilan bir vaqtning oʻzida muvofiqlashtirilgan holda ishlaydi. Parvoz davomida SLS raketasining yuqori pogʻonasi oʻrniga uning massasi va oʻlchamlarini takrorlovchi maketdan foydalaniladi.
Orbitada ekipaj Blue Origin kompaniyasining Blue Moon Mark 2 hamda SpaceX kompaniyasining Starship HLS modullari imitatorlari bilan yaqinlashish va tutashish amaliyotlarini bajaradi. Shuningdek, astronavtlar Axiom kompaniyasining AxEMU skafandrlari uchun moʻljallangan interfeyslarni sinovdan oʻtkazishlari kutilmoqda.
Ushbu missiya Artemis IV doirasida Oyga amalga oshiriladigan haqiqiy qoʻnish oldidan xavflarni kamaytirishga qaratilgan. Hozircha NASA missiya ekipaji va aniq muddatlar borasida yakuniy qarorga kelmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!