Vegasdagi Enhanced Games: Steroidlar va Silicon Valley sarmoyasi
Nevadaning jazirama issigʻida kanadalik ogʻir atletikachi Boady Santavy 183 kilogrammlik shtangani koʻtarishga urinmoqda. Agar u jahon rekordini yangilasa, 250 ming dollar mukofot oladi. Santavy — Las Vegasda Memorial Day dam olish kunlarida yigʻilgan 42 nafar sportchidan biri. Biroq bu oddiy musobaqa emas, balki ishtirokchilarning deyarli barchasi samaradorlikni oshiruvchi dori vositalari, yaʼni doping isteʼmol qilgan Enhanced Games turniridir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Tanqidchilar tomonidan “steroid Olimpiadasi” deb atalgan ushbu tadbir sport olamidagi barcha qoidalarni chetga surib qoʻydi. Sportchilar anaboliklar, testosteron, peptidlar va oʻsish gormonlarini tibbiy nazorat ostida qabul qilishgan. Musobaqadan oldin ishtirokchilar Birlashgan Arab Amirliklaridagi maxsus bazada 12 hafta davomida shifokorlar bilan birga tayyorgarlik koʻrib, oʻzlarining individual “protokollari” yoki dori kokteyllarini shakllantirishgan.
Ushbu gʻalati tomoshaning ortida Silicon Valley turibdi. Enhanced Games loyihasi kriptovalyuta, AI va biotexnologiya sohalari mutaxassislari tomonidan tashkil etilgan boʻlib, unga Peter Thiel va Coinbase sobiq rahbari Balaji Srinivasan kabi yirik investorlar homiylik qilmoqda. Bu texnologiya olamining “insonni takomillashtirish” (human enhancement) sanoatiga boʻlgan qiziqishining bir qismidir.
Anʼanaviy sport tashkilotlari esa bu tashabbusdan gʻazabda. Butunjahon aksildoping agentligi (WADA) ushbu oʻyinlarni “xavfli” deb atadi. AQSH aksildoping agentligi rahbari Travis Tygart esa buni “foydani inson salomatligidan ustun qoʻyuvchi masxarabozlik” deb taʼrifladi. Shunga qaramay, tashkilotchilar jahon rekordini yangilagan sportchilarga 1 million dollargacha mukofot vaʼda qilib, sport chegaralarini qayta koʻrib chiqishga urinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!