Falcon 9 raqobatdan tashqarida: May oyidagi kosmik parvozlar tahlili

2026-yilning may oyi davomida butun dunyo boʻylab jami 22 ta kosmik raketa uchirildi. Shu bilan yil boshidan buyon amalga oshirilgan umumiy startlar soni 125 taga yetdi. AQSH koinotga raketa uchirish boʻyicha mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda — oʻtgan oyda amalga oshirilgan parvozlarning 13 tasi (shu jumladan, bittasi Yangi Zelandiyadan) ushbu davlat hissasiga toʻgʻri keldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Xitoy sakkizta start bilan ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, Yevropa bitta parvoz bilan uchinchi pogʻonadan joy oldi. Raketalarning aksariyati AQSHdagi Kanaveral burni va Vandenberg kosmik kuchlari bazasidan uchirilgan — har bir maydonchadan oltitadan start amalga oshirildi. Shuningdek, Xitoyning Szyusyuan kosmodromidan uchta va Venchan bazasidan ikkita raketa havoga koʻtarildi.
May oyida eng koʻp qoʻllanilgan raketa SpaceX kompaniyasining Falcon 9 qurilmasi boʻldi — u bir oyning oʻzida 11 marta parvoz qildi. Xitoyning “Chanchjen” oilasiga mansub raketalari olti marta ishlatilgan boʻlsa, Atlas (AQSH), Vega-C (Yevropa), “Chjutsyue-3”, “Litszyan-1” (Xitoy) va Rocket Lab kompaniyasining Electron raketalari bir martadan koinotga yoʻl oldi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, may oyi davomidagi barcha parvozlar natijasida Yer orbitasiga jami 360 ta sunʼiy yoʻldosh olib chiqildi. Bu koʻrsatkich xususiy va davlat sektoridagi kosmik loyihalarning jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!