WWDC 2026: Siriʻning yangilanishi va Apple Intelligence imkoniyatlari

WWDC 2026: Siriʻning yangilanishi va Apple Intelligence imkoniyatlari

Apple kompaniyasining har yilgi Worldwide Developers Conference (WWDC 2026) anjumani yaqinlashar ekan, texnologiya olamida katta oʻzgarishlar kutilmoqda. Tadbir dushanba kuni Tinch okeani vaqti bilan soat 10:00 da boshlanadi va Apple Developer ilovasi, kompaniya sayti hamda YouTube kanali orqali jonli efirga uzatiladi. Bu yilgi konferensiyaning asosiy eʻtibori Siri ovozli yordamchisining tubdan yangilanishi va Apple Intelligence tizimining kengayishiga qaratiladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Eng kutilgan yangiliklardan biri — Siriʻning sunʻiy intellekt asosidagi yirik yangilanishidir. Endilikda u kontekstni yaxshiroq tushunadigan, koʻp bosqichli vazifalarni bajara oladigan va ilovalar bilan tabiiyroq muloqot qiladigan yordamchiga aylanadi. Maʻlumotlarga koʻra, Siri oʻz imkoniyatlarini oshirish uchun Googleʻning Gemini texnologiyasidan foydalanadi. Shuningdek, Bloomberg xabariga koʻra, ChatGPT, Claude va Gemini bilan raqobatlasha oladigan alohida Siri ilovasi taqdim etilishi mumkin.

Apple Intelligence doirasida Photos ilovasi ham sezilarli darajada aqllashadi. Foydalanuvchilar tabiiy tilda soʻrov yuborish orqali suratlarni tahrirlashlari, keraksiz obʻektlarni oʻchirib tashlashlari va aqlli tavsiyalardan foydalanishlari mumkin boʻladi. Kamera ilovasida esa yangi “Visual Intelligence” boʻlimi paydo boʻlib, u Google Image Search yordamida obʻektlarni aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, Image Playground ilovasi yuqori sifatli tasvirlar yaratish va yangi badiiy uslublar bilan boyitiladi.

Tizimning boshqa qismlarida ham qiziqarli funksiyalar kutilmoqda. Masalan, Wallet ilovasida cheklarni suratga olish orqali xarajatlarni boʻlishish (bill-splitting) imkoniyati yaratiladi. App Store doirasida esa foydalanuvchilar uchun bron qilish yoki hujjatlarni boshqarish kabi vazifalarni bajaruvchi sunʻiy intellekt agentlari joriy etilishi mumkin. Shuningdek, foydalanuvchi kayfiyatiga mos AI-oboylar va matn asosida taklif qilinadigan Genmoji funksiyasi ham foydalanuvchilar ixtiyoriga berilishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

WWDC 2026: Siriʻning yangilanishi va Apple Intelligence imkoniyatlari – Zamin.uz, 06.06.2026