Apple iPhone 18 modellarini chiqarish grafigini oʻzgartirishi kutilmoqda

Apple iPhone 18 turkumidagi qurilmalarni bir vaqtda emas, ikki bosqichda chiqarishni rejalashtirmoqda. 2026-yil sentabrida iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max va buklama dizayndagi iPhone Ultra taqdim etilishi, standart iPhone 18 esa 2027-yil martiga qoldirilishi kutilmoqda. Pegatron va Largan Precision ma'lumotlari grafik o'zgarishiga tayyorgarlik ko'rilayotganini ko'rsatmoqda.
Texnologiya olamidagi yetakchi brendlardan biri boʻlgan Apple oʻzining smartfonlarni chiqarish anʼanaviy grafigiga jiddiy oʻzgartirish kiritishni rejalashtirmoqda. Economic Daily News nashri hamda Apple kompaniyasining asosiy hamkorlaridan biri hisoblangan Pegatron taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, kelgusida iPhone turkumidagi qurilmalar bir vaqtning oʻzida bozorga chiqarilmasligi mumkin. Bu esa yillar davomida shakllangan yillik taqdimot anʼanasining tubdan yangilanishini anglatadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirgacha amal qilib kelingan tartibga koʻra, Apple har yili kuz faslida barcha yangi smartfon modellarini bir vaqtning oʻzida eʼlon qilar edi. Biroq taʼminot zanjiridan sizib chiqqan xabarlarga qaraganda, kompaniya bu strategiyadan voz kechib, yangi avlod qurilmalarini bosqichma-bosqich taqdim etishga oʻtmoqda. Ushbu oʻzgarishlar global texnologiya bozorida ham muhim ahamiyat kasb etib, xaridorlarning tanlov imkoniyatlari va bozor dinamikasiga oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Yangi avlod taqdimoti ikki bosqichga boʻlinadi
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Pegatron kompaniyasi standart iPhone 18 modeli odatdagiidek kuzda emas, balki keyinroq chiqarilishini tasdiqlagan. Maʼlum boʻlishicha, 2026-yilning sentabr oyida Apple oʻzining eng ilgʻor flagmanlari — iPhone 18 Pro, iPhone 18 Pro Max hamda koʻpdan beri kutilayotgan buklama dizayndagi iPhone Ultra modellarini namoyish qilishi kutilmoqda.Shu bilan birga, ommaviy xaridorlarga moʻljallangan bazaviy iPhone 18 smartfoni 2027-yilning birinchi choragiga, aniqrogʻi mart oyiga qoldirilishi taxmin qilinmoqda. Agar bu reja amalga oshsa, Apple kompaniyasi oʻzining soʻnggi yillardagi eng barqaror savdo va taqdimot grafigidan voz kechib, yangi avlodni deyarli yarim yilga choʻzilgan holda bozorga chiqaradi.
Oʻzgarishlar tarixi va tahlilchilar bashorati
Mazkur oʻzgarishlar Apple uchun katta burilish nuqtasi boʻladi. Eslatib oʻtamiz, iPhone 11 modelidan boshlab standart versiyalar doimo Pro va Pro Max modifikatsiyalari bilan birgalikda sentabr oyida taqdim etib kelingan edi. Endilikda esa kompaniya taqdimot va savdo jarayonlarini ikkita alohida bosqichga boʻlishni rejalashtirmoqda.Appleʼning ushbu yangi strategiyaga oʻtishi mumkinligi haqida avval ham bir necha bor xabar qilingan edi. Xususan, nufuzli tahlilchi Min-Chi Куо, sobiq jurnalist Ueyn Ma va boshqa insayder manbalar ham oldindan shunday taxminlarni ilgari surishgan edi. Shuningdek, Appleʼning boshqa bir yirik yetkazib beruvchisi — Largan Precision ham grafikning oʻzgarishiga tayyorgarlik koʻrilayotganini bilvosita tasdiqlagan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday yondashuv ishlab chiqarish quvvatlarini muvozanatlash hamda butlovchi qismlar taʼminotidagi yuklamani kamaytirishga yordam beradi. Garchi xaridorlar uchun yangi smartfonlarning barchasini bir vaqtda qoʻlga kiritish imkoniyati yoʻqolsa-da, bu qadam Appleʼga yil davomida barqaror eʼtibor va yuqori savdo koʻrsatkichlarini saqlab qolish imkonini berishi mumkin.






























Izohlar 0
…