Sun’iy intellekt o‘zi haqidagi siyosatni yozib, hukumatni sharmanda qildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Janubiy Afrika Respublikasi hukumati sun'iy intellekt yordamida yozilgan va tarkibida soxta ilmiy manbalar aniqlangan milliy siyosat hujjatini qaytarib oldi.
- Aloqa vaziri Solli Malatsi hujjatdagi 67 ta manbadan kamida oltitasi mavjud emasligini tasdiqlab, bu holatni siyosat loyihasining ishonchliligiga putur yetkazgan jiddiy kamchilik deb atadi.
Janubiy Afrika Respublikasi sun’iy intellektga oid milliy siyosat hujjatini uning bir qismi sun’iy intellekt yordamida yozilgani va unda mavjud bo‘lmagan ilmiy manbalar keltirilgani aniqlanganidan keyin qaytarib oldi. Hukumatning sun’iy intellekt sohasidagi innovatsiyalar bo‘yicha yetakchiga aylanishni ko‘zlagan hujjati kutilmaganda mamlakat rasmiylarini noqulay vaziyatga solib qo‘ydi.
O‘tgan oyda Janubiy Afrika Respublikasi aloqa vaziri Solli Malatsi milliy sun’iy intellekt siyosatini qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarib olishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bunga hujjatda keltirilgan 67 ta ilmiy manbadan kamida oltitasi sun’iy intellekt tomonidan to‘qib chiqarilgani, ularda aslida mavjud bo‘lmagan ilmiy maqolalarga havolalar berilgani sabab bo‘lgan.
«Eng ishonarli izoh shuki, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan havolalar tegishli tekshiruvdan o‘tkazilmasdan hujjatga kiritilgan. Bunday holat yuz bermasligi kerak edi», — dedi Solli Malatsi. Uning ta’kidlashicha, bu oddiy texnik xato emas, balki siyosat loyihasining halolligi va ishonchliligiga putur yetkazgan jiddiy kamchilikdir.
Sun’iy intellekt siyosati hukumatning o‘zini noqulay ahvolga soldi
Janubiy Afrikaning Milliy sun’iy intellekt siyosati mamlakatni sun’iy intellekt sohasidagi innovatsiyalar bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylantirishni maqsad qilgan edi. Shu bilan birga, hujjatda ushbu texnologiya bilan bog‘liq axloqiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish masalalari ham ko‘zda tutilgan.
Biroq hujjatda mavjud bo‘lmagan ilmiy manbalardan foydalanilgani aniqlangach, tashabbus hukumat uchun noqulay vaziyatga aylandi. Ommaviy axborot vositalari hujjatning sezilarli qismi sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan bo‘lishi mumkinligini yoritdi.
«Ushbu yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan kamchilik sun’iy intellektdan foydalanishda insonning doimiy va sinchkov nazorati qanchalik muhimligini isbotlaydi. Bu — kamtarlik bilan qabul qiladigan sabog‘imiz», — deya qo‘shimcha qildi aloqa vaziri.
Mavjud bo‘lmagan ilmiy maqolalarga havolalar berilgan
Janubiy Afrikaning News24 nashri mamlakatning sun’iy intellektga oid siyosati loyihasida soxta ilmiy manbalar keltirilgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan. Hujjat yaqinda jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, undagi havolalar orasida haqiqatda mavjud bo‘lmagan maqolalar ham bor. Ular qatorida South African Journal of Philosophy, AI & Society va Journal of Ethics and Social Philosophy kabi ilmiy jurnallarga tegishli deb ko‘rsatilgan manbalar qayd etilgan.
Bu holat sun’iy intellektning «gallyutsinatsiya» deb ataladigan xususiyatini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Bunda sun’iy intellekt ishonchlidek ko‘rinadigan, ammo aslida noto‘g‘ri yoki to‘qib chiqarilgan ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin.
Hujjat qayta ishlanadi, mas’ullar esa javob beradi
Solli Malatsi milliy sun’iy intellekt siyosatini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan shaxslarga nisbatan muayyan choralar ko‘rilishini ham ma’lum qildi. Vazir mas’ullar uchun «oqibatlar» bo‘lishini ta’kidlab, hujjat qayta ishlangandan keyingina jamoatchilik muhokamasiga takroran taqdim etilishini bildirdi.
Mazkur voqea davlat siyosati kabi muhim hujjatlarni tayyorlashda sun’iy intellektdan foydalanishning o‘zi yetarli emasligini ko‘rsatdi. U taqdim etayotgan ma’lumotlar, ayniqsa, ilmiy manbalar va iqtiboslar inson tomonidan sinchkovlik bilan tekshirilishi zarur.
Janubiy Afrikadagi ushbu holat sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bilan bir qatorda, inson nazorati va ma’lumotlarni tekshirish mas’uliyatini ham unutmaslik kerakligini eslatib turibdi.






























Izohlar 0
…