Toshkentdagi Vestminster universiteti talabasi Kamronbek Osimjonov TikTok-videolardan «suv belgisi» (watermark)ni olib tashlash imkonini beruvchi Telegram-botni ishlab chiqqani va uni qanday qilib Rossiya kompaniyasiga sotgani haqida Spot’ga hikoya qilib berdi. «Daryo» esa ushbu hikoyani o‘zbek tiliga o‘girdi.
Kamronbek Osimjonov — TT Save Bot’ni ishlab chiqqan talaba
So‘nggi yillarda tanishlarim Instagram orqali pul ishlay boshladi, bu meni ham befarq qoldirgani yo‘q. Oxir-oqibat men ham shunga o‘xshash nimadir qilish — akkaunt ochib, uni tanitib, so‘ng unda reklama sotish g‘oyasi haqida tinimsiz o‘ylay boshladim.
Shu maqsad yo‘lida birinchi qilgan ishim dasturlash bo‘yicha o‘zimga o‘qituvchi topish bo‘ldi. Ustozim Ruslan Yo‘ldoshev menga ishni eng sodda narsalardan, masalan, Telegram-botlar tayyorlashdan boshlashni taklif qildi. Biz ikki yilcha birga shug‘ullandik, u hamon menga ko‘mak berib turadi, ishlanmalar va biznes bo‘yicha maslahatlarini ayamaydi.
Kamronbek Osimjonov.
Foto: Instagram / @kamronbek_29
Telegram-botning imkoniyatlari
Mening birinchi ishlanmam YouTube’dan video ko‘chirib oladigan bot edi. Men uni ishlab chiqish va rivojlantirishga yarim yilcha vaqt sarfladim, ammo u ommalashmadi, chunki tarmoqda shunga o‘xshash muqobil xizmatlar yetarlicha edi.
Shundan so‘ng men 30 mingtadan obunachisi bor ikkita Telegram-kanalimni tanitishga qaror qildim. Bu kanallarda o‘sha vaqt endi-endi ommalasha boshlagan TikTok’dan olingan kulgili videolarni e’lon qilib borardim.
TikTok’dan ko‘chirib olingan videolarda servisning «suv belgisi» (logotipi) qolib ketar, bu esa menga yoqmasdi. Shuningdek, bu narsa kanal foydalanuvchilarini ham seskantiradi, chunki video boshqa birovga tegishli ekani ko‘rinib qolardi. Shu yo‘sinda videodan «suv belgisi»ni o‘chirib tashlaydigan TT Save Bot’ni tayyorlash g‘oyasi paydo bo‘ldi.
Ammo bunday bot ham tarmoqda na birinchisi va na oxirgisi edi. Vaziyatni yaxshilab o‘rganib, bir necha million obunachiga ega ikki asosiy raqobatchim taklif qilayotgan xizmat beqaror ekan, degan xulosaga keldim.
Raqobatchilarimdan birining foydalanuvchilar bazasi haddan tashqari katta va yuklamaga bazo‘r bardosh berardi, shuning uchun ham qay bir lahzada u ishdan chiqib, shunchaki ishlamay qoldi. Oqibatda uning foydalanuvchilari muqobil taklifni izlay boshladi. Bu raqobatchim qulagan kuni mening botim obunachilari soni 50 mingga ko‘paydi.
Ikkinchi raqobatchim esa bot nomida treydmark (savdo belgisi) bo‘lgani bois — ya’ni, uning nomida «TikTok» so‘zi ham bor edi — foydaluvchilarni yo‘qota boshladi. Bu taqiqlangan uslub — botni savdo belgisini qo‘shib nomlab bo‘lmaydi, shu bois bot ustidan shikoyat qilingan va u Apple foydalanuvchilariga ko‘rinmaydigan bo‘lib qolgan.
Shunday qilib, ikki oy ichida ikkita yirik raqobatchi bozordan chiqib ketdi, biroq ular taklif qilgan xizmatga talab kattaligicha qolaveradi. Men o‘z botimni eski Telegram-kanallarimda reklama qila boshladim, do‘stlarimdan shu botga obuna bo‘lishni iltimos qildim. Bir yil ichida botim foydalanuvchilari soni 4,6 milliongacha ko‘paydi, bot sotilayotgan vaqtda (2021 yilning sentabrida) esa botga har kuni o‘rtacha 20 ming foydalanuvchi qo‘shilayotgan edi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich.
Oradan ma’lum fursat o‘tib, turli mamlakatlardagi foydalanuvchilar botga boshqa tillarni ham qo‘shishni iltimos qilib yoza boshladi, chunki bot bu vaqtgacha faqat rus va o‘zbek tillarida ishlardi. Botga bosqichma-bosqich ingliz, ispan va indonez tillarini qo‘shdim va uning shu tillarda so‘zlashuvchi auditoriyasi faol o‘sayotganini ko‘rdim. TikTok’dagi akkauntimning lokatsiyasini o‘zgartirib, bot boshqa mamlakatlarda qanchalik ko‘p tilga olinayotganini kuzatdim — bilsam, botni xorijiy blogerlar ham tavsiya qila boshlagan ekan.
Monetizatsiya
Botlarga reklama joylashtirish juda qulay va samarali. Mening botimga har kuni 400 ming faol foydalanuvchi kirib, har biri o‘rtacha 10 ta video yuklab olardi. Bu monetizatsiya qilishga arziydigan ajoyib statistika. Pul ishlash (monetizatsiya qilish)ning bir necha yo‘li bor:
1. Majburiy obuna. Bunda siz reklama beruvchining Telegram-kanaliga obuna bo‘lmasdan turib, o‘zingizga kerakli videoni yuklab ololmaysiz;
2. Ommaviy xabarnoma. Bu shakldagi reklama bot lentasidagi oddiy e’londan iborat bo‘ladi;
3. Majburiy tomosha. Bunda siz botga «suv belgisi» bor videoni yuborasiz — bot esa javoban sizga «suv belgisi» yo‘q videoni beradi. Siz bu faylni ostiga reklama e’loni biriktirilgan holda qabul qilasiz. Bu reklama turi oddiy postdan ko‘ra samaraliroq. Tayyor videoni ko‘chirib olayotgan foydalanuvchilar bu reklamani albatta ko‘radi, oddiy reklama posti esa ko‘pincha e’tibordan chetda qolib ketadi.
Botdagi bitta reklama postining narxi 20 ming rubl (15 noyabr holatiga — taxminan 2,9 million so‘m yoki 275 dollar) edi. Bunday katta auditoriya uchun bu juda past narx, shu sababli meni bozorning dempferi deb ham atashardi, ammo topayotgan daromadim meni qoniqtirayotgandi.
Texnik qiyinchiliklar
Botning o‘zini tayyorlash uzog‘i bilan bir hafta vaqt oladi. Lekin TikTok’dan «suv belgisi» yo‘q videolarni tortib olish usulini tez-tez o‘zgartirib, yangilab turish kerak. Men buni har hafta kuzatib, kerakli tuzatishlarni kiritib borardim — asosiy qiyinchilik, ko‘p kuch va mablag‘ talab qiladigani ham shu edi — barqarorlikni saqlab turish uchun yangi serverlar olishga to‘g‘ri kelardi. Boshida server xarajatlari 10 dollar edi, keyinchalik ular 50 dollargacha o‘sdi.
Bir kuni TikTok tizimni shunday o‘zgartirdiki, bot 3-4 kun ishlamay qoldi. Bu vaqtda na men, na raqobatchilarim tizimni yana aylanib, «aldab» o‘tish imkonini beradigan yangi usulni topa bildi. Men obunachilarimni yo‘qotishni xohlamasdim, shu bois raqobatchilarimdan ko‘ra tezroq, birinchi bo‘lib yechim topishim, vaziyatdan chiqishim kerak edi.
Shunda muammoning yechimini 400 dollarga sotish rozi bo‘lgan xorijlik mutaxassislarga duch keldim, ammo to‘lov qilishim bilan ular yo‘qolib, akkauntlarini ham o‘chirib tashladi. Oqibatda hammasini o‘zim qilishimga to‘g‘ri keldi va boshqalarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldim.
Xaridorlarni qanday izlab topganimiz haqida
Birinchi botimni atigi 3000 dollarga sotganman — u audioyozuv asosida musiqani aniqlab, nomini chiqarib bera olardi. Xaridor menga o‘zi aloqaga chiqqan. Men shu kelishuvim haqida ustozimga aytganimda, u «sal shoshibsan-da», degandi. Chunki men yuqoriroq narx ham aytishim mumkin edi, boisi botlar orqali reklama qilish kanallardagi reklamadan samaraliroq. Ana shu savdodan so‘ng men Telegram-botlarga katta talab borligini tushunib yetgandim.
Xaridor haqida. Mening bot sotib oladigan doimiy xaridorlarim bor — bular rossiyalik mijozlar bo‘lib, men hozirgacha ularga umumiy hisobda 5 ta bot sotganman. Bungacha nisbatan kichikroq, masalan, videodan musiqani ko‘chirib olish imkonini beradigan (botga videoni yuborasiz, u bo‘lsa sizga shu videodagi musiqani alohida ajratib, qaytarib jo‘natadi) botlarni sotgandim.
Doimiy xaridorlarim bot va kanallarni sotib olib, bir vaqtning o‘zida ularni reklama yo‘li bilan yanada tanitadi, bitta kanal yo botdagi trafikni boshqasiga «haydaydi». Ular hozirgi bazasi bilan yangi kanalni ikki kun ichida bemalol 10 ming jonli obunachi bilan to‘ldirib, so‘ng shuning ortidan pul topa oladi.
150 ming dollarga sotish qanday uddalandi?
TikTok’ning «suv belgisi»ni o‘chirish imkoniyatiga ega botni sotishdan avval ustozim Ruslan Yo‘ldoshev bilan birga Newmax Technologies (MyTaxi, Express24, Workly, MaxTrack, TOKO) asoschisi Akmal Payziyevdan botimning narxi borasidagi fikrini bilgimiz keldi. O‘sha vaqtda botda 4,5 million obunachi bor edi, buning ortidan u oyiga 10 ming dollar pul keltira olardi. Shundan kelib chiqib, Akmal Payziyev botni 200 ming dollarga baholadi.
Biz xaridorlardan yakuniy narx sifatida 150 ming dollar so‘radik. Bu katta summa, shuning uchun ham men ustozim bilan birga xaridor va uning yuristi bilan yuzma-yuz uchrashish, botga egalik huquqlarini rasman sotish uchun Ufaga borib keldik.
Nega sotdim? Sohadagi bir yil ichida biroz zerikib qoldim, bundan tashqari bir necha bot bilan ishlash yaxshigina kuch va vaqtni olib qo‘yayotgan edi.
TikTok shunday bir yangilanish qiladiki — shunday bo‘lishiga esa shubha yo‘q — oxir-oqibat men uni baribir aylanib o‘ta olmayman. Xuddi shu voqea yuz berishi bilan esa bot ishlamay qoladi. Mana shuni ham hisobga olib, men botni sotishga qaror qildim.
Hozir keyingi bosqichga ko‘tarilishni, masalan, biznes uchun biror foydali mobil dastur yoki dasturchilik faoliyatimning boshida xohlaganimdek biror o‘yin ishlab chiqishni istardim. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»