Yulduz Usmonova san’atkorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida ochiq gapirdi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova “Bugun” dasturidagi suhbatida san’atkorlar va madaniyat xodimlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Xonandaning ta’kidlashicha, san’atkor deganda faqat mashhur qo‘shiqchilarni emas, balki musiqachilar, shoirlar, rassomlar va rejissyorlarni ham tushunish kerak.
“San’atkor deganda faqat Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullayeva yoki Munisa Rizayevani emas, balki boshqa ijodkorlarni ham ko‘rish lozim. Davlatimiz san’atkorlarga katta imkoniyatlar yaratib bermoqda”, — dedi u.
Shuningdek, u xalq artistlari uchun yaratilgan qulayliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xonandaga ko‘ra, ular uchun maxsus VIP zonalar tashkil etilgani ham katta e’tibor ifodasidir.
“Buni Alloh muborak qilsin. Prezidentimizdan Alloh rozi bo‘lsin. Gaplarimiz yerda qolmayapti. Ammo faqat quruq minnatdorchilik bilan ish bitmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi san’atkor.
Yulduz Usmonova ayrim ijodkorlarning turmush sharoitiga ham e’tibor qaratdi. Uning aytishicha, hali ham uy-joy muammosi bilan yashayotgan, oilasi bilan ijarada kun kechirayotgan san’atkorlar bor.
“Shunday ijodkorlar uchun ham imkoniyatlar yaratilmoqda. Agar ular ipoteka asosida uy olsa, xarajatning 50 foizini davlat qoplab berishi rejalashtirilgan. Bu juda katta yordam”, — dedi u.
Xonandaning ushbu fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.






























Izohlar 0
…