Qachon va qanchalik tez-tez uxlayotganingiz o‘lim xavfini ko‘rsatishi mumkin, tadqiqot natijalari

Kunduzgi uyqu vaqti va takrorlanishi erta o‘lim xavfi haqida signal berishi mumkin, deb MSN xabar berdi. Garvard olimlari yangi tadqiqotda ertalab soat 9:00 dan kechki 19:00 gacha uxlab oladigan odamlar ma’lumotlarini tahlil qildi.
Tadqiqotda 56 yoshdan oshgan qariyb 1400 kishi 20 yilgacha kuzatilgan. Shu davrda ishtirokchilarning 926 nafari, ya’ni taxminan uchdan ikki qismi vafot etgan. Olimlar har kuni qo‘shimcha bir soat kunduzgi uyqu o‘lim xavfini 13 foizga oshirishi mumkinligini aniqlagan. Shuningdek, kuniga har bir qo‘shimcha mudroq 7 foiz yuqori xavf bilan bog‘langan. Ayniqsa, tushdan keyin emas, ertalab uxlab oladiganlarda o‘lim xavfi 30 foiz yuqori bo‘lgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, kunduzgi uyquning o‘zi o‘limga sabab bo‘lmaydi. Ammo u organizmdagi yashirin kasallik yoki uyqu buzilishining belgisi bo‘lishi mumkin. Avvalgi tadqiqotlarda uyqu buzilishi yallig‘lanish, vazn ortishi va surunkali kasalliklar xavfini oshirishi aytilgan. Tez-tez kunduzgi uxlash yurak xastaliklari, infarkt, insult va asab tizimi kasalliklari bilan ham bog‘langan.
Shifokorlar ayniqsa ertalabki mudroqni xavotirli belgi deb hisoblaydi. Chunki bu vaqtda sog‘lom odam odatda tetik bo‘lishi kerak. Tadqiqot « JAMA Network Open» jurnalida e’lon qilingan. Biroq u kuzatuv asosida o‘tkazilgani uchun kunduzgi uyqu o‘lim xavfini bevosita oshiradi, degan qat’iy xulosa chiqarib bo‘lmaydi.































Izohlar 0
…