Yurakni sog‘lom saqlash uchun nimalarni yeyish kerak?

Yurakni sog‘lom saqlash uchun nimalarni yeyish kerak?

Xalqaro olimlar guruhi yurak-qon tomir kasalliklaridan himoyalanishning oddiy va ta’sirchan usulini aniqladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tarkibida flavanollar deb ataluvchi foydali biologik moddalar ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish yurak xastaliklaridan vafot etish xavfini sezilarli darajada pasaytiradi. Bu haqda “Korrespondent” nashri ma’lum qildi.

Reding va Kaliforniya universitetlari, Garvard tibbiyot maktabi hamda Mars, Inc. kompaniyasi mutaxassislari AQSH va Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi 30 mingdan ortiq insonning ovqatlanish tartibini tahlil qildi. O‘rganishlar natijasi ko‘pchilik odamlar yurak va qon tomirlari faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan flavanollarni yetarli darajada qabul qilmayotganini ko‘rsatdi.

Tadqiqotning yetakchi muallifi doktor Haver Ottavyanining ta’kidlashicha, yurak salomatligini saqlash uchun har qanday meva yoki sabzavotni ko‘p iste’mol qilishning o‘zi yetarli emas. Uning fikricha, turli mahsulotlardagi flavanollar miqdori keskin farq qiladi. Shu bois organizm uchun yuqori himoya ta’siriga erishish maqsadida aynan qaysi mahsulotlarni tanlashga alohida e’tibor qaratish lozim.

Mutaxassislar flavanollarga boy mahsulotlar qatorida olxo‘ri, maymunjon, ko‘k choy, ko‘k no‘xat, loviya, gilos, olma, qulupnay, chernika hamda pinto loviyasini qayd etgan. Ularni ratsionga muntazam kiritish yurak-qon tomir tizimi uchun sezilarli foyda keltirishi mumkin.

Reding universiteti professori Gyunter Kunlening so‘zlariga ko‘ra, har kuni kamida besh porsiya meva va sabzavot iste’mol qilish haqidagi tavsiya hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Biroq zamonaviy tadqiqotlar mahsulotlarning faqat miqdori emas, balki tarkibi va ozuqaviy qiymati ham muhim ekanini ko‘rsatmoqda.

Olimlar mazkur foydali moddaning inson salomatligiga ta’sirini yanada chuqurroq o‘rganishda davom etmoqda. Mutaxassislar bu kabi tadqiqotlar kelajakda yurak xastaliklarining oldini olish uchun yanada samarali va aniq ovqatlanish tavsiyalarini ishlab chiqishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar