Navoiyda rulda uxlab qolish ayanchli fojia bilan yakunlandi

Navoiy viloyati Tomdi tumanida 10 iyun kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi ayanchli yakun topdi. Rulda uxlab qolgan Cobalt haydovchisi shifoxonada vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida turli tan jarohatlari olgan haydovchi shifoxonaga yotqizilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Qayd etilishicha, mazkur holat haydovchining ish joyida ham muhokama qilinib, avtohalokatga olib kelgan asosiy omillar atroflicha tahlil qilingan.
Mutasaddilar haydovchilarga charchoq holatida transport vositasini boshqarmaslik, belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilish, imkoniyat bo‘lganda jamoat transportlaridan foydalanish hamda ishdan keyin yetarlicha dam olmasdan uzoq masofaga yo‘lga chiqmaslik bo‘yicha tavsiyalar bergan.
Shuningdek, cho‘l hududlaridagi uzun avtomobil yo‘llarida manzaraning bir xil bo‘lishi ko‘zning tez charchashiga va uyqu bosishiga sabab bo‘lishi, bu esa og‘ir va qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi alohida ta’kidlangan.
IIB ma’lumotlariga ko‘ra, Navoiy viloyatida 2026 yil boshidan buyon haydovchilarning rulda uxlab qolishi bilan bog‘liq 10 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ushbu hodisalar oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana 12 kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.






























Izohlar 0
…