1-sinf qabuli boshlanmoqda: ota-onalar nimalarni bilishi kerak?

O‘zbekistonda 2026/27 o‘quv yilida 795 ming nafardan ziyod bolaning 1-sinfga qabul qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 1-sinfga qabul jarayonlariga bag‘ishlangan jonli muloqotida berilgan ma’lumotlarga tayanib, “Xalq ta’lim info” xabar qildi.
Jonli muloqot davomida vazirlik mas’ullari qabul tartibi, onlayn tizimdagi yangiliklar hamda ota-onalarni qiziqtirayotgan qator savollarga javob berdi. Ma’lum qilinishicha, bu yil qabul jarayonlari 20 iyundan start oladi. 1-sinfga 2019 yil 31 dekabrgacha tug‘ilgan, yetti yoshga to‘ladigan bolalar qabul qilinadi.
Qabul ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich 20 iyundan 31 iyulgacha davom etadi va unda arizalar bola biriktirilgan mikrohudud doirasida qabul qilinadi. Ikkinchi bosqichda esa mikrohududdan tashqari qabul maktabning imkoniyati va quvvatiga qarab amalga oshiriladi.
Shuningdek, 10 avgustga qadar 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar uchun 12 turdagi o‘quv jihozlaridan iborat Prezident sovg‘alari tuman va shahar bo‘limlariga to‘liq yetkazib beriladi.
Farzand qaysi maktabga biriktirilganini qanday aniqlash mumkin?
Har bir maktabning mikrohududi tuman yoki shahar hokimlari qarori bilan tasdiqlangan. Qulaylik yaratish maqsadida my.maktab.uz portalida maxsus xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Ota-onalar mahalla, ko‘cha va uy raqamini kiritish orqali farzandi qaysi ta’lim muassasasiga biriktirilganini bilishi mumkin.
Onlayn qabul qamrovi kengaydi
Bu yil onlayn qabul amalga oshiriladigan hududlar soni ikki baravarga yaqin oshdi. Agar o‘tgan yili 74 ta tuman va shahardagi qariyb 1500 ta maktab onlayn qabulga jalb qilingan bo‘lsa, bu yil 135 ta tuman va shahardagi 5500 dan ortiq maktab ushbu tizimga o‘tadi. Shu bilan birga, Toshkent shahri qatorida Buxoro viloyatidagi barcha maktablarda ham qabul jarayonlari to‘liq onlayn shaklda tashkil etiladi.
Bir nechta maktabga ariza berish mumkinmi?
Amaldagi tartibga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida faqat bitta maktabga ariza topshirish mumkin. Biroq ota-ona avval 31 iyulgacha mikrohudud bo‘yicha asosiy kvotaga ariza berib, keyin 1 avgustdan boshlab mikrohududdan tashqari maktablarga qo‘shimcha kvota bo‘yicha murojaat qilishi mumkin.
Qabul jarayonlariga o‘qituvchilar jalb etilmaydi
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yozgi mehnat ta’tilida bo‘lgan pedagoglar qabul ishlariga jalb qilinmaydi. Bu vazifalar maktab ma’muriyati va mas’ul xodimlar tomonidan bajariladi. Onlayn qabul tizimi o‘qituvchilar uchun ortiqcha yuklama yuzaga keltirmaydi.





























Izohlar 0
…