Lada Azimut dunyoda yagona boʻlgan old oynalar isitish tizimiga ega boʻladi

AvtoVAZ kompaniyasi yangi Lada Azimut krossoveri oʻziga xos isitish tizimi bilan jihozlanishini tasdiqladi. Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida kompaniya vitse-prezidenti Sergey Gromak avvaliga "dunyoda hech qayerda yoʻq — yon koʻzgularni isitish tizimi" haqida bayonot bergan edi. Biroq keyinchalik ishlab chiqaruvchi ushbu maʼlumotga aniqlik kiritib, bu shunchaki yanglishib aytilgan gap ekanini bildirdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rasmiy xabarga koʻra, gap aslida old eshik oynalarini isitish funksiyasi haqida bormoqda. Bu texnologiya hozirda Rossiya bozoridagi boshqa hech bir avtomobilda mavjud emas. Kompaniya vakillari hazil aralash bu yanglishuvni tuzatib, Lada Azimut modelida ham yon koʻzgular, ham old eshik oynalari maxsus isitish tizimiga ega boʻlishini taʼkidlashdi.
Maʼlum qilinishicha, yon oynalar xuddi old va orqa oynalar kabi maxsus isitish iplari yordamida qizdiriladi. Haydovchi ushbu funksiyani alohida tugma orqali yoqishi va oʻchirishi mumkin boʻladi. Bu yechim ayniqsa sovuq iqlim sharoitida haydovchi uchun koʻrinish darajasini yaxshilashga xizmat qiladi.
Hozirda AvtoVAZ Lada Azimut krossoverini seriyali ishlab chiqarishga tayyorlamoqda. Modelning ranglar palitrasi sakkiztagacha kengaytirilishi va turbodvigatelli variantlari sinovdan oʻtayotgani maʼlum qilindi. Avtomobilning sotuvlari joriy yilning kuz faslida boshlanishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…