Ford Yevropa bozoriga qaytmoqda: Fiesta, Bronco va yangi krossoverlar

Ford kompaniyasi yaqin toʻrt yil ichida Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi bozorlari uchun beshta yangi modelni taqdim etishini eʼlon qildi. Ular orasida afsonaviy Fiesta nomini qayta tiklashi kutilayotgan yangi elektr xatchbek ham bor. Kompaniyaning Yevropadagi yoʻlovchi avtomobillari boʻlimi rahbari Jim Baumbick yangi modellar Ford brendining boy merosiga mos keladigan haydash dinamikasiga ega boʻlishiga vaʼda berdi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Yangi modellar qatoridan Bronco uslubidagi koʻp quvvatli (multi-energy) SUV, Renault platformasida quriladigan krossover hamda Geely bilan hamkorlikda ishlab chiqarilishi kutilayotgan ikkita plagin-gidrid krossover oʻrin oladi. Ford oʻn yillar davomida Fiesta va Focus kabi modellari bilan Yevropa savdo reytinglarida yetakchilik qilgan boʻlsa-da, soʻnggi yillarda ushbu modellarni ishlab chiqarishdan toʻxtatgani sababli bozor ulushini biroz yoʻqotgan edi.
Kompaniyaning yangilangan strategiyasi mintaqadagi savdolarning 80 foizini tashkil etuvchi B va C segmentlariga qaratilgan. Barcha yangi modellar uzunligi 4,0 metrdan 4,65 metrgacha boʻladi. Yangi qatorning asosiy qahramonlaridan biri — ixcham SUV boʻlib, u AQSH bozorida muvaffaqiyat qozongan Bronco oilasining bir qismi boʻladi. Ushbu model 2028-yildan boshlab Fordning Valensiyadagi zavodida Kuga modeli bilan birga ishlab chiqariladi.
Shuningdek, 2028-yilda Renault bilan hamkorlikda yangi elektr xatchbek va krossover ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Ular Renault 5 va Nissan Micra modellarida qoʻllaniladigan RGMP Small platformasiga asoslanadi. Ford vakillarining taʼkidlashicha, ushbu avtomobillar oʻziga xos dizayn va ralli uslubidagi boshqaruv xususiyatlariga ega boʻladi, bu esa ularni raqobatchilardan ajratib turadi.





























Izohlar 0
…