
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabarlarga raddiya sifatida «O‘zavtosanoat» rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Damas va Labo modellarini ishlab chiqarishni to‘xtatish hozircha rejalashtirilmayapti.
«Ayni paytda Damas va Labo modellarini ishlab chiqarishni to‘xtatish masalasi ko‘rib chiqilmayapti. Agar mahsulotlar qatorida qandaydir o‘zgarishlar yuz bersa, bu haqda rasmiy sahifalarimiz orqali oldindan ma’lumot beramiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.
Damas – vaqt sinovidan o‘tgan model
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Damas avtomobili 1996 yilning mart oyidan ishlab chiqarila boshlangan. Ordan 10 yil o‘tib, 2006 yilda uning yangilangan versiyasi ommaga taqdim etilgan. 2014 yildan esa ishlab chiqarish Andijondan Xorazm viloyatiga ko‘chirilgan.
Ommaviy xaridor uchun qulay va iqtisodiy jihatdan tejamkor bo‘lgan Damas yillar davomida bozorda o‘z mavqeini mustahkamlab kelmoqda. 2023 yilda mamlakatda 89,1 ming dona, 2024 yilda esa 101,9 ming dona Damas yig‘ilgani bu gaplarga yaqqol dalildir.
Arzon, ishonchli va xalqbop avto – bozor talabida
Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatining Tuproqqal’a tumanida joylashgan Damas va Labo zavodida 100 million dollarlik investitsiya hisobiga bozor talabiga javob beradigan, arzon va ishonchli yangi model ishlab chiqarilishi haqida ma’lum qilgan edi.
Bu transport vositasi Yevro-5 ekologik standartiga javob beradi va 7 o‘rindiqqa ega bo‘lishi kutilmoqda. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Srumko‘duye N400 yoki Wuling turkumidagi modellar haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi.
Yangi model bo‘ladi, ammo Damas qoladi
«O‘zavtosanoat» matbuot xizmati mazkur mish-mishlarga ham aniqlik kiritdi:
«Yangi model iste’molchilarning istak va ehtiyojlarini hisobga olgan holda tanlanadi. Ayni paytda mahalliy sharoitga mos keladigan, ishonchli va qulay texnik parametrlarga ega modellar o‘rganilmoqda», — deyiladi izohda.
Shu bilan, yangi modelni ishlab chiqarish rejasi borligi tasdiqlandi, ammo bu Damas va Labo lineykasini to‘xtatish ma’nosini anglatmaydi.
Zamin.uz tahririyati mahalliy avtosanoatdagi yangiliklarni, ayniqsa, xalq orasida mashhur bo‘lgan modellar taqdiri bilan bog‘liq jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Siz Damas'ning yangi avlodini qanday ko‘rishni istardingiz? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar