Jizzaxda ikkita Damas'da 56 nafar bog‘cha bolasi tashilayotgani aniqlandi

Jizzaxda ikki nafar Damas haydovchisi har bir avtomobilda 28 nafardan, jami 56 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini tashiyotgani aniqlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
YHXX tomonidan e’lon qilingan videoda birinchi Damas'dan 28 nafar bola tushayotgani, ikkinchi avtomobilda ham shuncha bola tashilgani aks etgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bunday ko‘p sonli bolalarni avtomobilda tashish ularning xavfsizligi talablariga javob bermasligini qayd etgan. Haydovchilar, ta’lim muassasalari mas’ullari va ota-onalarga bolalarni tashishda belgilangan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish zarurligi tushuntirilgan. Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, 2026 yil iyun oyida Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilgan qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqargan.
Loyihaga ko‘ra, bolalarni tashish qoidalarini buzgan haydovchiga BHMning 30 baravari miqdorida, ya’ni o‘sha paytdagi hisob-kitob bo‘yicha 12,36 million so‘m jarima solish hamda uni 1 yildan 3 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish taklif etilgan.
Agar qoidabuzarlik transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bunday huquqdan mahrum etilgan shaxs tomonidan sodir etilsa, BHMning 50 baravari — 20,6 million so‘mgacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, bolalarni tashishni tashkil etish qoidalarini buzganlik uchun ham alohida javobgarlik belgilash taklif qilingan.






























Izohlar 0
…