Janubiy Koreyada yirik avtomobil bozorlarida Spark 800 dollar, Malibu esa 2 800 dollarga sotilmoqda

Janubiy Koreyadagi yirik avtomobil bozorlaridan birida sotuvga qo‘yilgan mashinalarning narxlari internet foydalanuvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda arzon shahar avtomobillaridan tortib, qimmatbaho premium rusumlargacha bo‘lgan minglab transport vositalarini uchratish mumkin.
Tarqalgan videoda bozorda bir vaqtning o‘zida qariyb 4 mingta avtomobil sotuvga qo‘yilgani aytiladi. Ayniqsa, Chevrolet rusumidagi mashinalarning narxlari e’tiborni tortmoqda. Unga ko‘ra, Chevrolet Spark taxminan 800 dollarga, Chevrolet Malibu 2 esa 2 800 dollar atrofida taklif etilmoqda.
Videoda ko‘rsatilgan Malibu 1,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, shu vaqtgacha 170 ming kilometr masofa bosib o‘tgan. Biroq bunday narxlar barcha avtomobillarga tegishli emas. Mashinaning yili, texnik holati, yurgan masofasi va boshqa xususiyatlari uning qiymatiga bevosita ta’sir qiladi.
Bozorning yana bir e’tiborli jihati — avtomobillar sotuvga chiqarilishidan oldin maxsus ustaxonalarda texnik tekshiruvdan o‘tkazilishidir. Mutaxassislar transport vositasining holatini baholab, ishlab chiqarilgan yili, bosib o‘tgan masofasi, avval avariyaga uchragan-uchramagani va almashtirilgan ehtiyot qismlari haqida ma’lumot tayyorlaydi.
Ushbu ma’lumotlar xaridorlarga avtomobilning holati bilan oldindan tanishish, mavjud kamchiliklarni hisobga olish va shunga qarab qaror qabul qilish imkonini beradi.
Shu sababli Janubiy Koreyadagi avtomobil bozorida nafaqat narxlar, balki savdo jarayonining shaffofligi ham e’tiborga molik. Shunga qaramay, videoda keltirilgan 800 va 2 800 dollarlik narxlarni barcha Spark yoki Malibu avtomobillari uchun umumiy qiymat sifatida qabul qilmaslik kerak.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…