Mutlaqo yangi Audi Q7 11 yildan soʻng ilk bor namoyish etildi

Audi kompaniyasi mutlaqo yangi Audi Q7 modelini taqdim etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu soʻnggi 11 yil ichida modelning birinchi toʻliq avlod almashinuvi boʻladi. Birinchi Q7 debyutidan buyon deyarli 20 yil oʻtganini hisobga olsak, ushbu yangilanish brend uchun strategik ahamiyatga ega. Hozircha ishlab chiqaruvchi faqatgina old eshik tasvirlangan tizer bilan cheklangan boʻlib, unda yangi eshik tutqichlari, koʻzgular korpusi, S Line nishoni va yangi kuzov rangini koʻrish mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Biroq, aygʻoqchi suratlar krossover haqida koʻproq maʼlumot bermoqda. Unga koʻra, avtomobil ikki qavatli svetodiodli optika, asalsimon naqshli kengaytirilgan radiator panjarasi va yanada relyefli orqa qismga ega boʻladi. Sinovlar jarayonida, shuningdek, agressiv obves va yirik gʻildirak disklariga ega sportcha SQ7 versiyasi ham koʻzga tashlangan.
Salon qismida jiddiy oʻzgarishlar kutilmoqda. Interyer arxitekturasi koʻp jihatdan boʻlajak Audi Q9 modeliga oʻxshash boʻladi: raqamli asboblar paneli, multimedia tizimining yirik markaziy displeyi va old yoʻlovchi uchun alohida ekran oʻrnatiladi. Shunga qaramay, eshiklarni avtomatik yopuvchi dovodchiklar va qorongʻulashish darajasi sozlanadigan panoramali tom kabi ayrim premium funksiyalar faqat flagman Q9 uchun eksklyuziv boʻlib qolishi mumkin.
Texnik jihatdan eng katta yangilik — hozirgi MLB platformasidan yangi PPC platformasiga oʻtilishidir. Ushbu baza benzinli, dizelli va gibrid kuch qurilmalarini qoʻllab-quvvatlaydi, shuningdek, harakatlanish ravonligini oshirishga xizmat qiladi. Yangi Audi Q7 rasmiy premyerasi 2026-yilning ikkinchi yarmida boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Shundan soʻng kompaniya BMW X7 va Mercedes-Benz GLS bilan raqobatlashadigan eng yirik krossoveri — Audi Q9 modelini taqdim etadi.





























Izohlar 0
…