Rossiyada RAM pikaplariga talab keskin oshdi: Savdo hajmi 121 foizga oʻsdi

Rossiya avtomobil bozorida Amerika pikaplariga boʻlgan qiziqish sezilarli darajada ortdi. Joriy yilning dastlabki toʻrt oyi davomida RAM brendiga tegishli 892 ta yangi avtomobil roʻyxatga olindi. Bu oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichdan (403 ta) 121 foizga koʻpdir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
“Avtostat” agentligi rahbari Sergey Tselikovning maʼlum qilishicha, asosiy talab RAM 1500 modeliga toʻgʻri kelgan. Hisobot davrida ushbu modeldan 877 dona sotilgan boʻlsa, qolgan 15 ta roʻyxatdan oʻtish holati ogʻirroq vaznli RAM 2500 pikapi hissasiga toʻgʻri keldi.
Hozirgi vaqtda RAM avtomobillarini Rossiyaga olib kirish muqobil kanallar orqali amalga oshirilmoqda. Rasmiy yetkazib berish toʻxtatilganiga qaramay, avtomobillar asosan BAA va Qirgʻiziston orqali parallel import sxemasi asosida yetkazib berilmoqda.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, RAM 1500 oʻzining quvvati va hashamatli interyeri tufayli premium segmentdagi yoʻltanlamaslar oʻrnini egallamoqda. Ushbu tendensiya Rossiya bozorida Gʻarb brendlarining rasmiy vakolatxonalari yoʻqligida ham yuqori toifadagi mashinalarga talab saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!