18:45 / 10.08.2022
1 446

«Yevropaga borish – bu imtiyoz»: Shengen mamlakatlari Rossiyadan turizmni cheklamoqchi

«Yevropaga borish – bu imtiyoz»: Shengen mamlakatlari Rossiyadan turizmni cheklamoqchi
Nick Hannes / Reporters / Scanpix / LETA
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlari rossiyaliklarga viza berishni cheklab qo‘ydi. So‘nggi haftalarda Yevropada rossiyaliklarga barcha turdagi viza, birinchi navbatda turistik vizani berishni to‘xtatishga chaqiriqlar yangramoqda.

- "Shengen davlatlari rossiyaliklarga turistik viza berishni to‘xtatishi kerak", dedi Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas.

«Rossiyaliklarga sayyohlik vizasi berishni to‘xtating. Yevropaga borish – inson huquqi emas, imtiyozdir. Rossiyaga aviaqatnovlar to‘xtagan. Demak, Shengen davlatlari viza berayotganda, Rossiyaning qo‘shnilariga (Finlandiya, Estoniya, Latviya – quruqlik orqali Yevropaga kirish nuqtalari) og‘ir bo‘lyapti. Endi Rossiyadan turizm oqimini to‘xtatish vaqti keldi», deb yozdi u tvitterda.

Sobiq prezident, Rossiyaning sobiq bosh vaziri, hozirda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik Kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bunga o‘zining so‘nggi bayonotlariga mos keladigan ibora bilan javob berdi: «Sizning ozodlikda bo‘lishingiz – bunga loyiq ekaningizda emas, balki yaxshi ishlamaganingiz oqibati».

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, «ko‘p davlatlar o‘zlarini nodo‘stona tutib, 80 yil oldin Yevropa markazidan tarqalgan bayonotlarni bermoqda». Uning fikricha, «vaqt o‘tishi bilan sog‘lom fikr baribir ustun keladi va bunday gaplarni aytganlar o‘ziga kelib oladi».

Finlandiya ham Rossiya turizmini to‘xtatish tarafdori

Finlandiya bosh vaziri Sanna Marin ham Kallasni qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa kengashi urush tugamaguncha Rossiya turizmiga qarshi sanksiyalar qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishi mumkin edi.

«Rossiya Yevropada tajovuzkor va shafqatsiz urush olib borayotgan bir paytda, rossiyaliklar xuddi hech narsa bo‘lmagandek Yevropaga sayohat qilishlari noto‘g‘ri. Bu adolatsizlik. Rossiyaliklar Finlandiya orqali boshqa mamlakatlarga dam olish uchun bormoqda, bizdan bekat sifatida foydalanmoqda. Bu masalani hukumatda muhokama qilyapmiz va diskussiya davom etadi. TIV bu holatga oydinlik kiritmoqda, biroq bu muayyan huquqiy masalalarga borib taqaladi», dedi u Yle nashriga bergan intervyusida.

Marin aytganidek, Finlandiyada rossiyalik sayyohlarning xatti-harakatlarini cheklaydigan qonunlar yo‘q. Ammo mamlakat vizalar sonini tartibga solishi mumkin, ya’ni amalda mamlakat hududiga kirishni bilvosita cheklashi mumkin.

Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Yussi Tannerning so‘zlariga ko‘ra, Finlandiya rossiyaliklarga viza berishni allaqachon cheklab qo‘ygan. Chunki hozirda viza uchun arizani faqat onlayn topshirish mumkin. Bunday chora pandemiya davrida joriy qilingandi, ammo urush tufayli amalda qoldirildi.

Avgust oyi oxirida rossiyaliklarga Shengen vizalarini berish masalasi YEI tashqi ishlar vazirlarining norasmiy uchrashuvida muhokama qilinadi, deb yozdi Yle.

Foto: TASS
Rossiyaliklarni qayerlarda kutishmayapti?

Shu kunlarda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning Washington Post gazetasiga bergan intervyusida G‘arb davlatlarini Rossiya fuqarolarini kiritmaslikka chaqirgandi.

«Gap qaysi rossiyaliklar haqida ketishidan qat’i nazar, ularni Rossiyaga qaytarib yuboring. Shunda ular: bu urushga aloqamiz yo‘q deb aytishadi. Butun xalq javobgarlikka tortilmaydi, shunday emasmi? Balki shundaydir. Ammo aynan shu odamlar bu hokimiyatni saylagan va u bilan kurashmayapti. U bilan bahslashmayapti, unga norozilik bildirmayapti», dedi u.

Rossiyaliklarga turistik viza berish allaqachon Estoniya, Latviya, Litva, Slovakiya, Polsha, Malta va Chexiya tomonidan to‘xtatilgan.

Daniyaning Rossiyadagi elchixonasi viza berish uchun hujjatlarni qabul qilishni to‘xtatdi. Biroq, boshqa davlatlardagi elchixonalar orqali hujjat topshirish mumkin.

Latviya rossiyaliklarga deyarli barcha turdagi viza berishni cheklab qo‘ydi. Faqatgina yaqin qarindoshining dafn marosimida qatnashish uchun viza olish mumkin.

Estoniya hukumati rossiyaliklarga nafaqat turistik vizalarni, balki o‘qish va vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma va viza berishni ham taqiqladi. Bundan tashqari, Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsalu Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi paketiga rossiyaliklarga Shengen vizasi berishni taqiqlash choralarini kiritishni taklif qildi.

Ushbu g‘oyani Polsha hukumati matbuot kotibi Pyotr Myuller ham qo‘llab-quvvatladi. «Biz bu turdagi xatti-harakatlarni, ayniqsa, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi hamkorlarimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi u.

Belgiya 1 iyuldan boshlab rossiyaliklarga qisqa muddatli viza berishni to‘xtatdi. Belgiyaning migratsiya masalalari bo‘yicha vaziri 24 fevral kuniyoq rossiyaliklarga, jumladan, talabalar, sayyohlar va ish yuzasidan safar qilayotganlarga barcha turdagi viza berish to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatlashini aytgandi.

YEI viza kodeksida nimalar ko‘zda tutilmagan?

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi qoidalari rossiyaliklarni vizadan to‘liq mahrum qilishga imkon bermaydi. Har qanday holatda ham viza berilishi kerak bo‘lgan bir qator toifalar bor.

«Har doim viza berilishi kerak bo‘lgan odamlar guruhi bor. Gap gumanitar holatlar, Yevropa Ittifoqi fuqarolarining oila a’zolari, jurnalistlar va dissidentlar haqida ketmoqda», - deb tushuntirdi Yevrokomissiya.

Yevrokomissiya matbuot kotibi Anita Hipper ham Yevropa Ittifoqi viza kodeksida qisqa muddatli viza berishni to‘xtatish, shu jumladan rossiyaliklarga ham bunday viza bermaslik imkoniyati nazarda tutilmaganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar «muayyan vaziyatda qisqa muddatli viza berish masalasini mustaqil ko‘rib chiqishi» mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Yevropa Ittifoqi va Shengen hududining ko‘plab mamlakatlari rossiyaliklardan sayyohlik vizasi uchun hujjatlarni qabul qilishda davom etyapti. Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ro‘yxatga Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Finlandiya, Xorvatiya, Kipr, Shveysariya, Vengriya, Sloveniya va Avstriya kiradi.

Biroq, talab juda kattaligi va konsullik xodimlari yetishmasligi tufayli Rossiyadagi viza markazlarida viza olish juda qiyin. Navbatlar bir necha oyga cho‘zilib ketgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Yevropaga borish – bu imtiyoz»: Shengen mamlakatlari Rossiyadan turizmni cheklamoqchi