
Foto: Sergey Fadeichev / AP / Scanpix / LETA
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu vazirlikning kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakat armiyasida keng islohotlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu voqea o‘z-o‘zidan Rossiya harbiy qo‘mondonligining Rossiya-Ukraina urushi davrida yo‘l qo‘ygan, butun dunyo ko‘rgan xatolarini amalda tan olishidir.
Shoyguning hisobotining bir nechta qismi armiya sonining yaqinlashib kelayotgan ko‘payishiga bag‘ishlangan (Ukraina bilan jang qilish uchun uning soni kamligi ko‘rinib qoldi).
— Armiyadagi harbiy xizmatchilarning (shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotganlar, muddatli harbiy xizmatchilar va safarbar qilinganlar) maksimal miqdori 1 million 150 mingdan bir yarim millionga oshirilishi belgilandi. Avgust oyida ham Putin armiya sonini 140 mingga ko‘paytirgandi. Shu tariqa, Ukrainadagi urush boshlangandan buyon Rossiya armiyasi soni jami deyarli 490 mingga ko‘paytirildi.
— Shartnoma bo‘yicha xizmat qiluvchi harbiy xodimlar soni 290 mingga ko‘paytirilib, 695 mingga yetkazilishi belgilandi. 2022 yil oxirigacha, Rossiya armiyasida 521 ming shartnomaviy harbiy xizmatchilar bo‘lishi va Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, ular safarbar qilinganlarni qisman almashtirishi rejalashtirildi (vazir almashtirish mexanizmi qanday bo‘lishini aytmagan).
— Beshta yangi motoo‘qchi va desant diviziyasi hamda armiya korpusi tuzish, shuningdek, diviziya tarkibiga o‘ndan ortiq brigadalarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi (bu ulardagi harbiy xizmatchilar soni ikki-uch baravar ko‘payishini anglatadi). Shuningdek, bir nechta yangi aviatsiya polklari va brigadalari hamda beshta yangi artilleriya diviziyasini tashkil etish rejalashtirildi.
Ko‘rinib turibdiki, Rossiya Federatsiyasining hozirgacha safarbar qilingan fuqarolari va islohotlardan keyin shartnoma bo‘yicha askarlikka olinganlar aynan shu yangi bo‘linmalar tarkibiga kiradi. Hozirda mavjud bo‘linmalar, hatto ularning shtati ko‘paytirilgan taqdirda ham yuz minglab yangi askarlarni o‘zlashtira olmaydi.
Bundan tashqari, chaqiruv yoshi ham «bosqichma-bosqich» o‘zgartiriladi. Chaqiruv yoshi 18 dan 21 yoshga oshiriladi, biroq chaqiruv yoshi chegarasi 27 yosh o‘rniga 30 yosh etib belgilanadi. Bu g‘oya qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum.
Hozirgacha safarbar qilingan 300 ming kishi Shoygu aytgan 490 ming kishidan kam. Demak, safarbarlikning yangi to‘lqini yuz beradimi?
Shoyguning bayonoti buni bevosita anglatmaydi. Chunki gap armiyaning haqiqiy soni haqida emas, balki maksimal miqdori haqida ketmoqda. Armiyaning maksimal miqdori esa tashkiliy va hisob-kitob o‘lchovi bo‘lib, u hukumat armiya xizmatchilarining xarajatlarini (harbiy maoshlar, imtiyozlar, nafaqalar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, texnika va boshqalar) moliyalashtirish uchun qancha mablag‘ ajratish kerakligini bilishi uchun lozim. Boshqacha aytganda, yaqin kelajakda Rossiya armiyasida haqiqatan ham bir yarim million kishi xizmat qilishi fakt emas.
Armiyaning doimiy tarkibi soni ko‘payishi asosan kuzgi safarbarlik davrida xizmatga qabul qilinganlar va qisman yangi shartnoma bo‘yicha askarlikka olinganlar hisobiga sodir bo‘ladi. To‘g‘ri, bu manbalar 490 minglik o‘sish uchun yetarli bo‘lishi bo‘lmasligi hozircha noma’lum.
— Hozir aynan qancha inson safarbar qilingani noaniq. Rasmiylar 300 ming kishi haqida gapirmoqda, lekin aslida haqiqiy miqdor boshqacha bo‘lishi ham mumkin. Putinning safarbarlik haqidagi farmonida qayd etilgan raqamlar yashirilgan.
— Ba’zi safarbar qilinganlar, halok bo‘lgan, jarohatlangan va qisqa muddatli shartnomalarni bekor qilgan xodimlar o‘rnini to‘ldirish uchun harakatdagi faol bo‘linmalarga yuborilgan. Bu yo‘qotishlar hajmi qanchalik kattaligi noma’lum, ammo shunisi aniqki, ularning o‘rnini to‘ldirish uchun yuborilgan safarbar qilinganlar armiyaning muntazam sonini oshirmaydi.
— Shu bilan birga, ushbu yo‘qotishlarning bir qismi safarbar qilinganlar bilan emas, balki urush boshlanganidan keyin shartnoma imzolagan harbiy xizmatchilar tomonidan ham qoplandi (ehtimol, ularning soni bir necha o‘n minglab bo‘lgan). Shoygu aytgan shartnomaviy xodimlar soni ko‘paytirilishi rejasi, yangi shartnomalar tuzish jarayonini tezlashtirishi ehtimoli katta. Boshqacha aytganda, bu yerda aniq muvozanatga erishish mumkin emas.
Yuqorida aytilgandek yoki boshqacha bo‘lgan taqdirda ham bularning bari safarbarlikning «yangi to‘lqini» bo‘lmasligini anglatmaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari va Ukrainaning boshqa kuch tuzilmalari shaxsiy tarkibi soni yozda bir milliondan oshdi. Demak, Ukraina qo‘shinlari hali ham frontda jang qilayotgan Rossiya qo‘shinlariga nisbatan son jihatdan ustunlikka ega.
Shuningdek, Ukraina hamon safarbarlikni davom ettirmoqda. Bundan tashqari, Rossiya armiyasi doimiy katta yo‘qotishlarga uchrayapti, shu sabab bir necha oydan keyin rus armiyasi yana tirik kuchlarning keskin tanqisligi muammosiga duch kelishi mumkin.
Rossiya qo‘mondonligi yuz minglab yangi shartnomaviy xodimlarni qayerdan topmoqchi?
Aftidan, muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar orasidan. Hukumat chaqiruvdan so‘ng muddatli harbiy xizmatni o‘tamasdanoq, darhol armiya shartnomasini tuzishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda.
Shoygu shartnomaviy harbiy xizmatchilar sonini deyarli 300 mingga ko‘paytirishni maqsad qilgan. Har bir chaqiruv davrida esa armiyaga (qishki va bahorgi) 120-130 ming (yiliga 240-260 ming) yangi harbiy xizmatchi jalb qilinadi.
Muddatli harbiy xizmatchilarni shartnoma bo‘yicha askarga aylantirish nimaga kerak?
Ularni urushga yuborish mumkin bo‘lishi uchun.
Hozirda Rossiyada muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar harakatlarda ishtirok etishiga yashirin taqiq mavjud. U qonunlarda yozilmagan va ba’zida buzilib ham turadi (eng mashhur misollardan biri — bu cho‘kib ketgan Moskva kreyseridagi muddatli harbiy xizmatchilar). Lekin bu tizimli ravishda yuz bermaydi, aks holda rezonans ancha yuqori bo‘lar edi.
Agar muddatli harbiy xizmatchilar ommaviy ravishda shartnoma imzolay boshlasa, bu qo‘mondonlikka ularni Ukrainaga jo‘natish uchun keng imkon yaratadi.
Nega hukumat harbiy xizmatga chaqirilish yoshini o‘zgartirmoqchi?
Ehtimol, bu yerda ham xuddi shu maqsadda — urush zonasiga ko‘proq muddatli harbiy xizmatchi yuborish uchun.
— Birinchidan, 21 yoshdan oshganlarni urushga yuborish, maktabni endigina bitirganlarni urushga jo‘natishdan osonroq (ijtimoiy ma’noda). Bu jamiyatda kamroq norozilik keltirib chiqaradi.
— Ikkinchidan, so‘nggi o‘n yilliklardagi tug‘ilish darajasining o‘zgarishi sababli, 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan hozirgi chaqiriluvchilar, 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan potensial chaqiriluvchilardan deyarli 330 mingga kamroq. To‘g‘ri, yaqin yillarda bu o‘zgarish ta’siri baribir zaiflashadi va 1990-yillar o‘rtalari va 2000-yillar boshida tug‘ilgan kichik avlod harbiy chaqiruv yoshida bo‘ladi.
Rossiya armiyasida yana qanday o‘zgarish yuz berdi?
Rossiya hukumati markazlari Moskva va Sankt-Peterburgda bo‘lgan ikkita harbiy okrugni qayta tuzishga qaror qildi (ular 2010 yilgacha mavjud bo‘lgandi). Bu ham, ehtimol, xatolarni tuzatish uchun qilingan qadam: shtab-kvartirasi Sankt-Peterburgda joylashgan G‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari 2022 yilda eng jiddiy mag‘lubiyatlarni qabul qildi (ular bahorda Xarkiv, Chernihiv va Sumi oblastlarida, yozda va kuzda Balakliya va Izyum hududida jang qildi; ikkala jang ham og‘ir mag‘lubiyatlar, chekinish va texnikalardagi katta yo‘qotishlar bilan yakunlandi).
Islohot ikki poytaxt mintaqasida joylashgan «elita» qo‘shinlarni boshqarishni yanada samaraliroq qiladimi yoki yo‘q, buni aytish qiyin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar