15:13 / 06.01.2024
270

Fridman va Avenning holdingi Ukrainadan 1 mlrd dollar talab qilmoqda

Fridman va Avenning holdingi Ukrainadan 1 mlrd dollar talab qilmoqda
Foto: AP
«Alfa-Bank» tuzilmalarining rasmiy vakili - ABH Holdings SA kompaniyasi Ukrainaga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, bankning Ukraina bo‘linmalarini «majburiy milliylashtirish yo‘li bilan» ekspropriatsiya qilishdan yetkazilgan zararni qoplashni talab etdi. Kompaniya, 4 yanvar kuni ABH Holdings SA saytida e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, zarar miqdorini 1 milliard dollardan ortiqroqqa baholagan.
 
«Da’vo Vashington, Kolumbiya okrugidagi Jahon banki shafeligida investorlar va davlatlar o‘rtasida kelishmovchiliklarni hal qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi organ – Investitsion bahslarni hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID)ga berilgan», — deyiladi xabarda. Unda Ukraina bankni egalari, benefitsiarlari va aksiyadorlaridan noqonuniy ravishda tortib olgani hamda uni «reyderlik va urushdan foyda olish kombinatsiyasidan foydalangan holda» majburan milliylashtirgani da’vo qilingan. Bundan tashqari, ABH Holdings ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari bank asosiy aksiyadorlarini obro‘sizlantirish, ularga qarshi «qora PR» usullarini qo‘llash kampaniyasini boshlagan.
 
ABH Holdings aksiyadorlari qatoriga Rossiyaning «Alfa Grup» kompaniyasi hammuassislari Mixail Fridman va Petr Aven kiradi. Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan keyin «Alfa-Bank»ning Ukraina bo‘linmasi Sense Bank deb o‘zgartirildi. O‘shanda uning egalari boshqaruvdan chetlashtirildi. Ukraina hukumati qarori bilan Sense Bank 2023 yilning yozida milliylashtirildi va mamlakatda harbiy holat tugagunga qadar davlat nazorati ostida qoladi.
 
Oktyabrda hakerlar bank mijozlari bazasiga buzib kirdi
Ukrainaning Kiborg hakerlar guruhi «Alfa-Bank» mijozlari bazasini buzib kirdi, bu haqda «Vajnie istorii» nashri oktyabr oyi o‘rtalarida yozgan edi. Buzib kirish holatini tasdiqlash uchun guruh tomonidan qo‘lga kiritilgan bank mijozlarining ba’zi shaxsiy ma’lumotlari Kiborg rasmiy saytida e’lon qilindi: familiyalar, ismlar, telefon raqamlari, kartalar va hisobraqamlar. Ular orasida Mixail Fridman, dizayner Artemiy Lebedev, Rus pravoslav cherkovi arxiyerei Konstantin Kopilov va boshqalar bor. «Alfa-Bank» matbuot xizmati buzib kirish haqidagi xabarlarni «feyk» deb atadi.
 
Britaniyada Fridmanda o‘tkazilgan tintuvlar noqonuniy deb topildi
2022 yil dekabr oyida Fridmanning Londondagi Athlone House qarorgohida 50 nafar politsiyachi ishtirokida keng ko‘lamli tintuvlar o‘tkazildi. Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi o‘shanda xabar qilganidek, NCA kleptokratiyaga qarshi kurash bo‘linmasi xodimlari 58 yoshli gumonlanuvchi va yana ikki kishini qo‘lga olgan, biroq ular tez orada garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Bundan tashqari, bir nechta raqamli qurilmalar va katta miqdordagi naqd pul musodara qilingan.
 
The Times nashrining yozishicha, keyinroq rasmiylar Fridmanning uyini tintuv qilish noqonuniy ekanini tan olgan hamda NCA unga huquqbuzarlik uchun kompensatsiya to‘lashi, sud xarajatlarini qoplashi va musodara qilingan pulni qaytarishi kerakligi belgilangan.
 
Ukraina Mixail Fridmanni qidiruvga berdi
Mixail Fridman Buyuk Britaniya, AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar ostida qolgan. 2023 yil avgustida Ukraina prokuraturasi unga nisbatan Sense Bank'dan mablag‘larni olib chiqish gumoni bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ukraina Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 700 million grivna (1,8 milliard rubl) mamlakat tashqarisiga o‘tkazilgan.
 
Sentyabr oyida Ukraina Xavfsizlik xizmati rossiyalik tadbirkorga Ukrainadagi urushni moliyalashtirish bo‘yicha gumonlarni ilgari surib, dekabr oyi oxirida uni qidiruvga bergan edi. «SBU» ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Fridman bir nechta rus harbiy zavodlariga 2 milliard rublga yaqin sarmoya kiritgan. Boshqa narsalar qatorida, gap Rossiyaning jangovar samolyotlari va vertolyotlari uchun yuqori texnologiyali uskunalar ishlab chiqaradigan Tula patron zavodi va Yalamov nomidagi Ural optika-mexanika zavodi haqida bormoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo