06:00 / 21.01.2025
235

Jo Bayden oʻz oilasining besh nafar a'zosini afv etdi

Jo Bayden oʻz oilasining besh nafar a'zosini afv etdi
Foto: AP
Jo Bayden prezidentlik lavozimidagi oxirgi qarori oʻz oilasining besh nafar a'zosini oldindan afv etish boʻldi.

«Men Konstitutsiyada belgilangan vakolatlarimga muvofiq, Jeyms Bayden, Sara Jons Bayden, Valeri Bayden Ouens, Jon Ouens va Frensis Baydenni afv etaman», — deyiladi Baydenning Oq uy saytida e'lon qilingan bayonotida (Tramp lavozimga kirishganidan keyin u arxivga olib qoʻyilgan).

Jo Baydenning ta'kidlashicha, uning oilasi muntazam ravishda hujum va tahdidlarga uchrab kelgan. «Afsuski, ushbu hujumlar toʻxtashiga ishonishim uchun asos yoʻq», — deydi Bayden. Uning qoʻshimcha qilishicha, afv etish — bu biror-bir qonunbuzarlik yoki aybni tan olishni anglatmaydi.

Shuningdek, Bayden 77 yoshli biznesmen va siyosatchi Jerald Landergan va soliq toʻlashdan boʻyin tovlagani uchun qamalgan Kolumbiya shahar kengashining sobiq a'zosi Ernest Uilyam Kromartiyeni afv etgan. Bundan tashqari, Bayden 1975 yilda hindular rezervatsiyasida ikkita FQB agentini oʻldirishda ayblangan tub aholi vakili — Leonardo Peltiyerning umrbod qamoq jazosini yengillashtirdi. Peltiyer 80 yoshda, u jazoning qolgan qismini uy qamogʻida oʻtkazadi.

Dekabr oxirlarida AQSh prezidenti federal sudlar tomonidan oʻlimga hukm qilingan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirgandi. Jo Bayden ularning jazosini muddatidan oldin shartli ozod etilish imkoniyatisiz umrbod qamoq jazosiga oʻzgartirgan. Shundan soʻng afv etilganlarning ikki nafari prezident qaroridan norozi boʻlib, sudga shikoyat arizasi kiritgan.

Undan oldinroq AQSh prezidenti Jo Bayden oʻgʻli Hanterni afv etgandi. Hanter Baydenga qarshi noqonuniy qurol saqlash va soliq toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun ish ochilgan edi. Oq uy rahbari amerikaliklar ota va prezidentning oʻgʻlini afv etish qarorini tushunishlariga umid bildirgan.

Shuningdek, bugun, 20 yanvar kuni Bayden AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qoʻmitasining sobiq rahbari Mark Milli, mamlakatning sobiq bosh infektsionisti Entoni Fauchi, 2020 yil yanvarda Kapitoliyga uyushtirilgan hujumni tergov qilgan Vakillar palatasi qoʻmitasi a'zolari va xodimlarini afv etdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo