O‘zbekistonda ish joylaridagi baxtsiz hodisalar 231 kishining umriga zomin bo‘ldi

O‘zbekistonda 2026 yilning dastlabki 10 oyida ish joylarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar oqibatida 231 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi. Shu davrda mamlakat bo‘yicha 771 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etilgan. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, baxtsiz hodisalar oqibatida jami 847 nafar xodim jabrlangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 742 nafarga nisbatan qariyb 16 foizga ko‘p.
Hodisalarning 38 tasi guruhli, 542 tasi og‘ir oqibatli, 189 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Shuningdek, 2 ta yengil baxtsiz hodisa qayd etilgan.
Jabrlanganlar orasida 586 kishi og‘ir, 30 nafari yengil jarohat olgan. 231 nafar xodimning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan. O‘tgan yilning shu davrida bu raqam 194 nafarni tashkil etgan.
Qaysi sohalarda baxtsiz hodisalar ko‘proq uchragan?
Sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng ko‘p baxtsiz hodisalar sanoat va ishlab chiqarish tarmog‘ida kuzatilgan — 259 ta. Keyingi o‘rinlarda qurilish sohasi 217 ta, boshqa yo‘nalishlar esa 169 ta holat bilan qayd etilgan.
Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatishda 36 ta, transport va logistikada 26 ta, qishloq va suv xo‘jaligida 23 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 23 ta, ta’lim muassasalarida esa 18 ta holat aniqlangan.
Toshkent shahri birinchi o‘rinda
Hududlar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisa Toshkent shahrida qayd etilgan — 155 ta. Toshkent viloyati 106 ta holat bilan ikkinchi, Qashqadaryo viloyati esa 71 ta holat bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Navoiy viloyatida 65 ta, Buxoroda 63 ta, Andijon va Samarqand viloyatlarining har birida 54 tadan baxtsiz hodisa kuzatilgan.
Eng kam ko‘rsatkichlar Xorazm viloyatida — 20 ta, Jizzax viloyatida 21 ta va Surxondaryo viloyatida 24 ta holatni tashkil etgan.
Statistika ish joylarida mehnat xavfsizligi talablariga rioya qilish va xodimlarning hayotini muhofaza etish masalasi dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi.
- #Davlat mehnat inspeksiyasi
- #mehnat xavfsizligi
- #ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar
- #mehnat muhofazasi
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…