Trampning Ukraina rejasi Yevropaga 3 trillion dollarga tushadi

Trampning Ukraina rejasi Yevropaga 3 trillion dollarga tushadi
AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa mamlakatlariga kelajakda oʻz xavfsizligiga Qoʻshma Shtatlardan kam boʻlmagan miqdorda sarmoya kiritishi kerakligini va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari faqat Yevropaning zimmasida boʻlishini aytdi, deb yozdi Bloomberg.

Agentlik hisob-kitoblariga koʻra, Ukraina va uning oʻz chegaralarini himoya qilishi Yevropa davlatlariga kelasi oʻn yil ichida qoʻshimcha 3,1 trillion dollarga tushadi. Bloomberg muzokaralar davomida Ukrainani qoʻllab-quvvatlash, mamlakat va uning mudofaa qobiliyatini tiklash, shuningdek, Yevropaning oʻz harbiy qudratini oshirish xarajatlarini hisobga olgan.

Ukraina armiyasini qayta tiklash, tinchlik kelishuviga erishilgandagi kuchlarning holatiga va qancha hududni himoya qilishi kerakligiga qarab, oʻn yil ichida taxminan 175 milliard dollarga tushishi mumkin, deb yozdi nashr.

40 ming kishilik tinchlikparvar kuchlari taxminan 30 milliard dollarga tushadi, xarajatlarning asosiy qismi Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning harbiy qudratini oshirish va ularning umumiy mudofaa byudjetini yalpi ichki mahsulotning 3,5 foiziga yetkazish bilan bogʻliq boʻladi.

Nashr tahlilchilarining hisob-kitoblariga koʻra, agar Yevropa davlatlari buning uchun qarz olishga majbur boʻlsa, faqatgina NATOning Yevropadagi eng yirik besh a'zosining qarzga boʻlgan ehtiyoji keyingi oʻn yil ichida yana 2,7 trillion dollarga oshadi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar