
Hennadii Minchenko / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images
AQSH prezidenti Donald Tramp 2025 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyasidan so‘ng, darhol Putin bilan uchrashish niyati borligini tasdiqladi. O‘sha paytdayoq xalqaro kuzatuvchilar bu muzokaralar davomida Kiyevning fikri e’tiborga olinmasligidan xavotir bildirishgan edi. Taxminan o‘sha kunlari Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak «Meduza» bilan suhbatda Tramp Rossiya bosqini bo‘yicha taklif etayotgan qadamlarni ko‘proq optimistik ruhda baholagandi.
Bir oy o‘tib esa Tramp Zelenskiyni «diktator» deb atadi, Ukrainadan harbiy yordam evaziga ukrain nodir yerosti metallarini yetkazib berish bo‘yicha noqulay bitimni imzolashni talab qildi, AQSH va Rossiya delegatsiyalari esa tinchlik muzokaralarini Ukraina va Yevropa ishtirokisiz olib bormoqda.
«Meduza» Podolyak bilan yana bog‘lanib, bu voqealar haqida rasmiy Kiyev qanday fikrda ekanini aniqlashga harakat qildi.
— Kiyev bir necha bor dunyoni Putinga ishonib bo‘lmasligidan ogohlantirgan edi. Trampga ishonish mumkinmi?
— Albatta. Hozirgi bosqichda ishonish mumkin. Faqat Trampning uslubini hisobga olish kerak: u doimo axborot tajovuziga moyil va maqsadlariga qisqa muddat ichida erishishni xohlaydi. Shuningdek, uning o‘ta pragmatik yondashuvini ham tushunish lozim. Tramp AQSH uchun eng foydali iqtisodiy pozitsiyalarni qo‘lga kiritishga intilmoqda. U bu uslubni kim bilan muloqot qilishidan qat’i nazar qo‘llaydi — u xoh ittifoqchi bo‘lsin, xoh raqib. Siz yo buni hisobga olasiz va u bilan samarali muzokaralar olib borasiz, yoki unga hamma narsani topshirasiz. Kimdir muzokaralarda qat’iyroq pozitsiyani egallaydi, kimdir yumshoqroq. Tramp esa maksimal darajada qat’iy harakat qiladi.
— So‘nggi vaqtlarda u bir necha bor Rossiya propagandasi tezislarini takrorladi va Kiyevni shantaj qildi. Sizningcha, Tramp nega bunday qilmoqda? Agar u hammaga shunday munosabatda bo‘lsa, nima uchun Putinni emas, aynan Zelenskiyni «diktator» deb atadi?
— Ar-Riyodda [AQSH va Rossiya muzokaralarida] ko‘rganlarimiz — bu Rossiyani yakkalanishdan chiqarishga urinish bo‘ldi, lekin o‘z shartlariga ko‘ra. Tramp Amerika siyosiy elitasidagi aksilrossiya kayfiyatini pasaytirishga harakat qilmoqda. Oxirgi uch yil ichida bu kayfiyat eng yuqori cho‘qqiga chiqdi — garchi bunga to‘la asos bo‘lsa ham. U endi ochiqchasiga Rossiyadan iqtisodiy foyda olishga qiziqish bildirmoqda. Shu tariqa, u Putinni «tuzoqqa tushirib», Rossiyadan eng yuqori iqtisodiy samara olishni ko‘zlamoqda. U yagona qiziqishi AQSHning manfaatlari — moliyaviy daromad, bozorlarga kirish imkoniyati yoki resurslarni arzon olish ekanini ochiqcha ko‘rsatmoqda. Bunday strategiya umuman olganda muvaffaqiyatli bo‘ladimi-yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Lekin hozircha Tramp bu bosim orqali kerakli natijalarga erishmoqda.
Men Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas xonimning fikriga qo‘shilaman. U so‘nggi kunlarda AQSH ritorikasida Rossiyaning ma’lum pozitsiyalari aks etayotgani sezilayotganini aytdi. Bu aynan men aytib o‘tgan omillar bilan izohlanadi.
— Nega AQSH BMT Bosh Assambleyasida o‘zini bunday tutmoqda?
— BMT Bosh Assambleyasida ham xuddi shunday vaziyat. Ammo menimcha, biz bunga haddan tashqari katta e’tibor qaratmoqdamiz, chunki bu [BMT] rezolyutsiyalari amalda jiddiy ta’sir kuchiga ega emas. Lekin shunga qaramay, Bosh Assambleya ham Ukraina va Yevropa tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani qabul qildi, unda Rossiya mutlaq agressor deb belgilangan, ham AQSHning rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi, unda Rossiyaning maqomi ancha noaniq aks ettirilgan. Hamma taraflarga yoqadigan qaror chiqarishdi va shu bilan hamma mamnun — bu BMTdagi hozirgi vaziyatning eng aniq tavsifi. U hatto o‘zaro zid bo‘lgan rezolyutsiyalarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bu mexanizmda ta’sirchanlik yo‘q.
Rossiya esa, Putin hamda To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Dmitriyevning so‘zlari orqali, Amerika kompaniyalariga, jumladan, neft sohasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy kompensatsiya berishga tayyorligini ochiq aytib kelmoqda. Rossiya AQSHga u yoki bu tabiiy resurslarni qazib olishda ishtirok etish imkoniyatini berishga tayyor.
Trampning mantiqiy pozitsiyasiga ko‘ra, u ratsional tarzda harakat qilmoqda. Bu yumshoq emas, balki maksimal darajada qattiq kuch ishlatish strategiyasi bo‘lib, u AQSHga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy daromad olish imkoniyatini oshirish uchun xizmat qiladi. Bir muddatdan keyin esa ular oldida yanada muhim masalalar paydo bo‘ladi. Masalan, ular Rossiya bilan hamkorlik qilib pul ishlashlari mumkin, ammo tarixiy nuqtayi nazardan o‘z obro‘-e’tiborlarini yo‘qotishlari mumkin. Bunday vaziyatda ular qanday yo‘l tutadi?
Bu endi ehtimol, Tramp ma’muriyatining ichki muhokamasi bo‘ladi — qaysi manfaat qancha turishi, Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri foyda olish va shu bilan birga Yevropa bilan ittifoqchilik munosabatlarini yo‘qotish, o‘zaro ishonchning kamayishi va tarixiy nufuz yo‘qotilishi borasidagi bahs.
— Demak, Trampning bayonotlari ortida sovuqqon hisob-kitob yotadi, deb o‘ylaysiz?
— Xuddi shunday. Yevropadan farqli ravishda, hech qanday emotsiya yo‘q — bu aniq. Men Yevropaning «uyg‘onishi» haqida gapirishni istamasdim, ammo [Fransiya prezidenti Emmanuel] Makron va Germaniyaning bo‘lajak kansleri Fridrix Mersning Yevropaning mudofaa, iqtisodiyot va texnologiya sohalarida o‘z mustaqilligini oshirishga ko‘proq sarmoya kiritish zarurligi haqidagi bayonotlari Yevropaning tiklanayotganidan darak beradi va bu juda yaxshi.
— Tramp jamoasi vakillari bir necha bor Ukraina NATOga qo‘shilmasligini aytgan. Vashington Kiyev ishtirokisiz Moskva bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Ukraina rahbariyati bunday muzokaralardan qanday ma’no ko‘ryapti? Agar u Zelenskiy taklif etgan tinchlik rejasiga to‘g‘ri kelmasa, Kiyev uchun qanday «qizil chiziqlar» borki, ular buzilsa Ukraina bu jarayonni tark etadi?
— Tramp jamoasining NATO, tinchlikparvar kuchlar yoki qurol yetkazib berish haqidagi bayonotlari haqida gapiradigan bo‘lsak, bu bayonotlar borligi faktining o‘ziyoq mazkur masalalar muhokama qilinayotganidan dalolat beradi. Siz muzokaralar stolida hech narsa yo‘q deb aytishingiz mumkin, ammo aslida hammasi stol ustida: NATOga a’zo bo‘lish masalasi ham, xavfsizlik kafolati sifatida tinchlikparvar kuchlarni jalb qilish masalasi ham.
Muzokara jarayonini Ukraina va Yevropa kabi subyektlar ishtirokisiz o‘tkazishning iloji yo‘q. Bu sovet ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi sovuq urush doirasidagi muzokaralar emas, o‘shanda o‘zaro tiyib turish mexanizmlari ishlab chiqilgandi. Bu esa muayyan davlat hududida davom etayotgan qaynoq urushni tugatishga urinish. Bu urushda yana bir muhim subyekt — Ukraina qurolli kuchlari mavjud. Shuningdek, uch yildan beri Rossiyaga qarshi samarali qarshi turib kelgan ukrain jamiyati ham bor.
Bunga qo‘shimcha ravishda, Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ko‘rsatgan yordami hajmi, kamtarroq aytganda ham, AQSHning ko‘rsatgan yordami bilan qariyb teng. 114 milliard dollarga qarshi 132 milliard dollar. Men bunda moliyaviy va harbiy yordamni qo‘shib hisoblayapman. Yevropaning ko‘rsatgan yordami ko‘proq ham.
Yevropa ushbu muzokara stolida bo‘lishi shart, chunki u yerda faqat tinchlik va urushni tugatish masalasi emas, balki urushdan keyingi tartib ham muhokama qilinadi: kim nima uchun javob beradi, xalqaro huquqning qay bir me’yorlari ishlashda davom etadi, Rossiyaning agressiyasi uchun yuridik yoki moliyaviy oqibatlar bo‘ladimi va hokazo.
Menimcha, bunday kengaytirilgan formatdagi muzokaralarda ishtirok etishni Xitoy, Turkiya va arab davlatlari ham istashadi.
— Zelenskiy e’lon qilgan tinchlik rejasiga butkul zid bo‘lsa Kiyev bunday ushbu muzokara jarayonidagi ishtirokdan qanday ma’no ko‘ryapti?
— Qarang, Moskva va Vashington o‘rtasida Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan muzokara jarayoni, ehtimol, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar uchun muhimdir, chunki ular orasida to‘planib qolgan ko‘plab ziddiyatlar mavjud. Ular bunday muzokaralarni o‘tkazish va o‘zaro kelishuv nuqtalarini izlash huquqiga ega. Biroq, urush yakuni Ukraina ishtirokisiz muhokama qilinayotgan har qanday muzokara jarayoni qabul qilinmaydi, bu haqda prezident Zelenskiy ham aytgan. Biz bunday muzokara natijalarini tan olmaymiz.
Prezident [Zelenskiy] shunday deydi: muzokara jarayoni formulasi aniq belgilangan — unda Ukraina, Yevropa Ittifoqi, AQSH va Rossiya ishtirok etishi kerak. Boshqa har qanday formulalar qabul qilinmaydi. Ukraina urush boshlanishida hech qanday ultimatumni qabul qilmagan va hozir ham qabul qilmaydi.
— Demak, Vashington Ukraina manfaatlarini hisobga olmagan holda muzokaralar o‘tkazsa, Kiyev bunday jarayonni rad etadi?
— Men bunga biroz aniqlik kiritmoqchiman. Bugun Ukrainaga hech narsani majburiy tarzda qabul qildirib bo‘lmaydi. Har qanday ikki tomonlama muzokaralar suveren davlatlarning huquqi doirasida o‘tkazilishi mumkin, ammo ular urush yakunlanishiga olib kelmaydi. Biz shuni aniq tushunishimiz kerakki, Trampning (Ukrainaning NATOga qo‘shilishi mumkin emasligi haqidagi) bayonotlari uning siyosiy uslubining bir qismi. U muzokara qoidalarini o‘zi belgilashga harakat qilyapti. Ammo qoidalar allaqachon aniqlangan.
— Ammo Trampning Ukrainaga bosim o‘tkazish imkoniyatlari Kiyevning Vashingtonga bosimidan ko‘proq ko‘rinadi. The Economist Kiyev va Vashington o‘rtasidagi tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvni «Ukraina rad eta olmaydigan taklif», deb atadi. AP esa uni «mustamlakachilik», deya baholagan. Agar bu hujjatda Kiyev uchun muhim bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari ko‘zda tutilmasa, Ukraina uni imzolamasligi mumkinmi?
— Avvalo, ta’sir vositalarini ko‘rib chiqamiz. Albatta, biz harbiy va moliyaviy yordam borasida ittifoqchilarimizga ma’lum darajada bog‘liqmiz. Biroq, urushning dastlabki kunlarida bunday yordam umuman yo‘q edi, ammo Ukraina shunga qaramay, barqaror turib bera oldi.
Bugungi Ukraina qayta ishga tushirilgan harbiy sanoatga ega, qo‘shinlari zamonaviy texnologiyalar bilan qayta jihozlangan. Bundan tashqari, Yevropa bugun harbiy yordam masalasida ko‘proq tashabbus ko‘rsatmoqda. Biz hatto Yevropaning konservativ qismi — Fransiya, Germaniya, Italiya kabi davlatlar Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga qay darajada qiziqish bildirayotganini ko‘rib turibmiz.
Shu sababli, men bu yerda ta’sir vositalari teng, deb aytardim. Axborot jihatidan qaraganda, AQSH hukmron ko‘rinadi. Ammo bu ham Trampning uslubiy elementi, xolos.
— Ammo AQSH Ukraina uchun eng yirik moliyaviy hamkor hisoblanadi-ku?
— Ha, bu shubhasiz. Ular harbiy texnika yetkazib berish uchun ko‘plab ruxsatnomalar berishadi, o‘zlari ham muhim ta’minot vositalarni taqdim etishadi. Lekin shu yerda bir paradoks bor: asosiy harbiy texnika yetkazib berish ishlari asosan Yevropadan amalga oshirilyapti. Lekin, masalan, aviatsiya va hatto havo hujumidan himoya (HHH) tizimlari bo‘yicha AQSH tayanch elementlar ishlab chiqaradi va bu yetkazib berishlar uchun AQSHning ruxsati talab qilinadi.
Albatta, amerikaliklar askarlar uchun anjomlar bilan ta’minlashda ham juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki ayrim xos aslahalar faqat ularda mavjud. Hamda aloqa tizimi, raketalarga qarshi mudofaa borasida AQSH asosiy ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Biroq men buni ta’sir vositasi sifatida talqin qilmasdim. Bu baribir hamkorlik munosabatlari bo‘lib, ular yuqori sifatli muzokaralarni talab qiladi. Bu ayniqsa Tramp uslubini inobatga olgan holda ahamiyatli.
Endi nodir yerosti metalllari bo‘yicha bitim haqida gapiradigan bo‘lsak, ayni kelishuv tashabbusi avval Ukraina tomonidan ilgari surilganini ta’kidlash kerak. Chunki qisqa muddatli urushlarda xarajatlar katta bo‘lmaydi, lekin siz uch yildan beri urush olib borayotganingizda, xarajatlar juda katta bo‘ladi, jumladan, AQSH uchun ham. Shuning uchun biz qoplash mexanizmlarini izlayapmiz. Lekin ular adolatli bo‘lishi kerak. Ya’ni, AQSH bu resurslarga ega bo‘lishi mumkin, ammo bu Ukraina uchun aniq shartlarga bog‘liq bo‘lishi lozim.
Ukraina ushbu bitimga qanday shartlarni kiritmoqchi? Birinchidan, AQSHning qo‘shadigan investitsiyalari aniq belgilab qo‘yilishi kerak. Chunki biz uchun harbiy yordam juda muhim. Biz tushunishni istaymizki, mazkur bitim doirasida Ukrainaga muayyan miqdorda qurol-yarog‘, muayyan qiymatda yetkazib beriladi. Ayniqsa, HHH tizimlari bo‘yicha bizga kamida 20 ta Patriot tizimi kerak bo‘ladi, bu taxminan 32-35 milliard dollar talab qiladi. Chunki biz o‘z osmonimizni to‘liq himoya qilishni istaymiz.
Ikkinchidan, bu loyihada daromad va ishtirok hissasi aniq belgilanishi kerak. Bu baribir tabiiy resurslarni qazib olish bitimi. Ukraina qay darajada daromad oladi, bu mablag‘larni qanday qabul qiladi, ularni boshqara oladimi, va qayerga yo‘naltirishi mumkin — bular aniq bo‘lishi shart.
Uchinchidan, Ukraina bu bitimda Rossiyaning qayta agressiyasiga qarshi xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi. Har qanday muzokara jarayonida biz ushbu masalani bitimga kiritish zarurligi haqida qat’iy talab qo‘yapmiz. Menimcha, bu shartlar yakuniy kelishuvga kiritiladi.
— Siz uchta shartni sanab o‘tdingiz. Ularsiz Kiyev kelishuvni imzolashdan bosh tortadimi?
— Ha, ular juda muhim. Bu Ukraina uchun asosiy shartlar bo‘lib, biz bu bitim nega tuzilayotgani, u qanday qiymatga ega ekani va kelgusida qanday ishlashini aniq tushunishimiz kerak.
— Agar Vashington xavfsizlik kafolatlarini bitimga kiritishdan bosh tortsa, Ukraina uni baribir imzolaydimi?
— Bu yerda asosiy savol: Vashington nega xavfsizlik kafolatlaridan bosh tortishi kerak? Agar u qandaydir resurs yoki aktivlarni umumiy nazoratga olayotgan bo‘lsa, u ularning daxlsizligini kafolatlashda ham manfaatdor bo‘lishi kerak. Aks holda, bu mutlaq mantiqsizlik bo‘ladi. Axir bu biznes-loyiha.
— Axios nashri bitimning dastlabki nusxasini e’lon qildi. Unda siz sanab o‘tgan uchta muhim shart mavjud emasdi.
— Ha, lekin bu bitimning ilk variantlaridan biri edi. Bu kabi muhokamalar hali ko‘p bo‘ladi. Muzokaralar hali davom etmoqda. Ukraina o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi, AQSHning ham o‘z nuqtayi nazari bor. Lekin Ukraina o‘z talablarini ilgari surishda davom etadi.
Bu prinsip jihatidan normal va juda qulay muzokara formati bo‘lib, biz bu yerda o‘zaro manfaatli hamkorlik haqida gapiryapmiz. Shunday ekan, yakuniy hujjat tayyor bo‘lsin, shundan keyin uning mazmuni haqida fikr almashamiz.
— Volodimir Zelenskiy yaqinda prezidentlik lavozimidan ketishga tayyorligini aytdi. U buni tinchlik kelishuvi yoki Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi evaziga amalga oshirishini ta’kidladi. Demak, 2025 yil oxirigacha Ukrainada saylovlar o‘tishi mumkinmi?
— Prezident agar Ukrainaning tinchlikka erishishi va NATOga a’zo bo‘lishi uchun bunday qadam zarur bo‘lsa, u bunga tayyorligini aytib o‘tdi. Lekin aslida bu kabi «almashuv» taklif qilinishi ehtimoli juda kam.
Endi saylovlarga kelsak, bu mutlaqo g‘alati munozara. Urush holatida bo‘lgan birorta mamlakatda saylovlar o‘tkazilganini ko‘rsatadigan tarixiy misol yo‘q. Men bu mantiqni tushunmayapman: saylovlar agressiyasi faktiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Axir Ukraina agressor emas-ku?! Unga qarshi urush ochish qarori Putin tomonidan qabul qilingan.
Albatta, harbiy holat bekor qilingach, olti oy ichida prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. Hozir esa jamiyatda saylovlar imkonsizligi bo‘yicha konsensus mavjud. Saylov uchastkalari xavfsizligini ta’minlashning iloji yo‘q. Frontda jang qilayotgan harbiylar na saylovda ishtirok eta oladi, na nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Bundan tashqari, 6 milliondan ortiq ukrainalik mamlakatni tark etgan. Ular uchun ovoz berish jarayonini qanday tashkil qilish mumkin? Saylov jarayonini to‘liq qonuniy, adolatli va shaffof o‘tkazish imkonsiz. Hamma tushunib turibdi, toki urush yakunlanmas ekan, saylovlar mutlaqo mantiqsizdir.
Shu bilan birga, men Rossiyaning bu boradagi mantig‘ini ham tushunaman. Putinning Gurjistonda bunday tajribasi bor. 2008 yildagi urushdan so‘ng u yerda tezda saylovlar tashkil etildi. Bir muddat o‘tgach, [Mixail] Saakashvili siyosiy jihatdan zaiflashtirildi. U saylovlarda mag‘lub bo‘ldi va hokimiyat [Bidzina] Ivanishvilining «Gurjiston orzusi» partiyasi qo‘liga o‘tdi. Natijada, Gurjiston hozir to‘liq Rossiyaga moyil hokimiyatga ega. Putin shu usulni Ukrainada ham qo‘llash mumkin, deb o‘ylayapti. Lekin bu Ukrainani umuman bilmaslik oqibati. Albatta, bunday ssenariyni bizda amalga oshirib bo‘lmaydi, lekin u baribir urinib ko‘rmoqchi.
Bundan tashqari, Rossiya kichikroq investitsiya orqali saylovlar arafasida, muzlatilgan, aslida davom etayotgan urush sharoitida Ukraina ichida keskinlikni osongina kuchaytirish mumkin, deb hisoblaydi. Ular front chizig‘iga bosimni oshirish bilan birga, «agar rossiyaparast nomzodlar saylansa, tinchlik kelishuviga erishamiz», degan propagandani tarqatmoqchi. Xullas, Ukrainada prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish — bu faqat Putin uchun texnologik manfaat, bundan ortig‘i emas.
— Bu shartni faqat Rossiya emas, Tramp ham bir necha bor talab qildi.
— Ha, lekin men yana takrorlayman: ular Rossiya bilan muloqot qilishga tayyorligini ko‘rsatish uchun ohangni yumshatishmoqda. Ukrainaga oid muayyan tezislarni takrorlashmoqda va bu ham shulardan biri.
— Zelenskiy Rossiyaning yangi hujumining oldini olish uchun 200 ming tinchlikparvar askar kerakligini aytgandi. Amerika esa Ukrainada tinchlikparvar missiya uchun o‘z harbiylarini yuborish niyatida emas. Hozircha Britaniya va Fransiyadan 30 mingga yaqin tinchlikparvar askarlar haqida gap ketmoqda. Lekin bu yetarli emas-ku?
— Tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish Yevropa yetakchilari darajasida muhokama qilinishining o‘ziyoq katta ahamiyatga ega. Kechagina Yevropa qo‘shinlari Ukraina hududida bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilib bo‘lmasdi.
Xavfsizlik kafolatlari bir necha elementga tayanadi. Ularning biri — tinchlikparvar kontingentlar. Lekin ular boshqa chora-tadbirlarsiz o‘z-o‘zidan ishlamaydi.
Boshqa chora-tadbirlar nimalardan iborat? Bu, avvalambor, Ukrainada harbiy sanoatni qayta formatlash, raketalar va dronlar ishlab chiqarishni keskin oshirish, armiyani modernizatsiya qilish va uni kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan avval, Ukraina armiyasi 220-250 ming askarga ega edi. Hozir esa barcha xavf-xatarlarni tushunib turibmiz va armiya ancha katta bo‘lishi kerak. Armiyani ta’minlash, uning o‘quv mashg‘ulotlari ham xavfsizlik kafolatlarining bir qismi. Yopiq osmon tizimini qurish, ularni ma’lum bir raketalar bilan ta’minlash ham shunga kiradi.
Bu kompleks choralar doirasida xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu missiyada Amerika harbiylari qatnashadimi-yo‘qmi, bu hali munozarali masala.
Albatta, front chizig‘i bo‘ylab tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish uchun taxminan 150-200 ming askar talab etiladi. Hozircha yevropaliklar 35-40 ming askar yuborishga tayyorligini bildirishmoqda. Ular asosan muhim infratuzilma obyektlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Lekin bu hozir ayrim davlatlar qatnashishga tayyor bo‘lgan realistik ssenariydir. Fransiya, Britaniya, Shvetsiya kabi davlatlar bu masalada tashabbus ko‘rsatmoqda. Buning o‘zi umumiy xavfsizlik kafolati tizimi uchun muhim element bo‘lishi mumkin. Hali muloqot davom etmoqda va xavfsizlik kafolatlariga oid bir necha variant muzokara stoliga qo‘yilgan.
Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi varianti ham yo‘qolib ketgani yo‘q. Shuningdek, dushmanni tiyib turuvchi zamonaviy qurollarni joylashtirish kabi kam ehtimolli variantlar ham xavfsizlik kafolati sifatida ko‘rilishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar