11:25 / 03.03.2025
532

Yevropa yetakchilari Londonda nimalarga kelishib olishdi?

Yevropa yetakchilari Londonda nimalarga kelishib olishdi?
Foto: Justin Tallis - WPA Pool
U Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer tomonidan tashkil etilgan Yevropa yetakchilari sammitida ishtirok etdi va shundan so‘ng Sandringhemdagi qarorgohda qirol Charlz III bilan uchrashdi.

Yevropa yetakchilari nimalar bo‘yicha kelishib oldi?

Sammitning asosiy maqsadi «urushni qanday to‘xtatish rejasi»ni ishlab chiqish edi, dedi uning tashkilotchisi, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu reja keyinchalik Qo‘shma Shtatlar bilan muhokama qilinadi, keyin esa «birgalikda amalga oshiriladi».

Uchrashuv ishtirokchilari quyidagi 4 qadam bo‘yicha kelishib olgan:
  • Urush ketayotgan paytda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish va Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish;
  • Har qanday mustahkam tinchlik Ukraina suvereniteti va xavfsizligini ta’minlashi hamda Ukraina muzokaralar stolida bo‘lishi kerak;
  • Agar tinchlik kelishuvi tuzilsa, Yevropa yetakchilari kelajakda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi;
  • Ukrainani himoya qilish va mamlakatda tinchlikni ta’minlash uchun «ko‘ngillilar koalitsiyasi» tuziladi.


Kir Starmer, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Yevropa davlatlarining sa’y-harakatlarini «quruqlikda etiklar va havoda samolyotlar bilan» qo‘llab-quvvatlash majburiyatini tasdiqladi.

U «Yevropa qattiq ter to‘kishi kerakligi»ni ta’kidladi, shu bilan birga, kelishuv AQSH ko‘magiga muhtojligini eslatib shunday dedi: «Shuni aniq aytishim kerakki, biz zudlik bilan mustahkam tinchlik o‘rnatish zarurligi borasida Tramp bilan hamfikrmiz. Endi buni birgalikda amalga oshirishimiz kerak».

«Men AQSH — ishonchsiz ittifoqchi ekani haqidagi fikrlarga qo‘shilmayman, biz kabi bir-biri bilan bunday yaqin aloqada bo‘lgan ikki davlat yo‘q», — dedi bosh vazir OAV savollariga javob berarkan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit ishtirokchilari «bu AQSH bilan birgalikda va AQSH ko‘magida ishlab chiqilayotgan reja» ekanini yaxshi bilishadi. «Aynan shuning uchun kecha kechqurun Tramp bilan gaplashdim», — deydi u.

Londondagi sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Britaniya bosh vaziri uchrashuvda yetakchilar «tempni saqlab qolish» va umumiy reja ustida ishlashni davom ettirish uchun yaqin vaqt ichida yana uchrashishga kelishib olganini aytdi.

«Bugun biz tarix chorrahasida turibmiz. Hozir ortiqcha gap-so‘zlarning mavridi emas — adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun harakat qilish va yangi reja atrofida birlashish vaqti keldi», — deydi u.

Eng yaxshisi ustida ishlash, eng yomoniga tayyorlanish

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa yetakchilarining Londonda bo‘lib o‘tgan sammitini «yaxshi va ochiq munozara» deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yetakchilar Kiyevga keng qamrovli xavfsizlik kafolatlari zarurligini, jumladan, Ukraina kuchli pozitsiyada bo‘lishi va bu pozitsiyani «mustahkamlash va himoya qilish» uchun vositalar bilan ta’minlashni muhokama qilgan.

Yevrokomissiya rahbari so‘zlariga ko‘ra, gap Ukrainaning ham iqtisodiy, ham harbiy barqarorligi haqida ketmoqda.

Fon der Lyayen «mudofaani kuchaytirish, oldinga katta qadam tashlash kerakligi»ni aytib, Yevropa Ittifoqining aniq rejasi va umumevropa yondashuvi zarurligini qo‘shimcha qildi.

«Hozir biz uchun xavfsizlik sohasidagi xarajatlarni oshirish juda muhim, eng yomoniga tayyorgarlik ko‘rish muhim», — degan u.

Shuningdek, u Londondan turib AQSH prezidenti Donald Trampga murojaat qilib, shunday dedi: «Biz siz bilan birgalikda demokratiyani himoya qilishga, qo‘shni davlatga bostirib kirish yoki chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish mumkin emasligi haqidagi qonun ustuvorligi tamoyilini himoya qilishga tayyormiz».

«Kelgusida urushlarning oldini olish umumiy manfaatlarimizga mos keladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Uchrashuvda ishtirok etgan NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham Yevropaning ko‘plab davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirishi va bu «AQSH bilan adolatli muvozanat»ni tiklashi kerakligini tasdiqladi.

Sammitda Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan ham ishtirok etdi. U Turkiyani Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari uchun maydon sifatida taklif qildi.

Sammitga Boltiqbo‘yi davlatlari rahbarlari taklif qilinmagan. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Estoniya, Litva va Latviya prezidentlaridan videokonferensiya chog‘ida uzr so‘radi va keyingi uchrashuvlarda bu xatoni tuzatishga va’da berib, Boltiqbo‘yi davlatlarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdagi rolini e’tirof etdi.

«Yevropa uyg‘ondi». Yetakchilarning sammit yakunlariga munosabati

Polsha bosh vaziri Donald Tusk Londonda bo‘lib o‘tgan Yevropa yetakchilari sammiti yakunida «Yevropa uyg‘ondi» deb yozdi. Tuskning so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchilar Ukrainaga yordam berish, transatlantik hamkorlik zarurati va sharqiy chegarani mustahkamlash masalalarida yakdil bo‘lgan.

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni «Ukrainada tinchlik vaqtinchalikka bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi»ni ta’kidladi.

«Biz nima taklif qilinayotganini baholashda juda ehtiyot bo‘lishimiz kerak, ayniqsa, bu tinchlik buzilishi mumkinmi, degan asosiy savolga javob berishda. Chunki, afsuski, biz o‘tmishda shunday bo‘lganini ko‘rdik», — dedi Italiya hukumati rahbari.

Germaniyaning lavozimdan ketayotgan kansleri Olaf Shols NATOdagi «transatlantik ittifoqchilik» AQSH, Kanada va Yevropaning «xavfsizligi kaliti» bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. U so‘nggi yillarda alyans «yangi a’zolar va mudofaa xarajatlari hisobiga mustahkamlangani» va bu «kelajakda ham davom etishi»ni qayd etdi.

Niderlandiya bosh vaziri Dik S'hoof Yevropa «qit’a xavfsizligini ta’minlashda ko‘proq rol o‘ynashi kerakligi»ni ta’kidladi va «yaxshi transatlantik munosabatlar ham zarurligi»ni qo‘shimcha qildi.

Qirol huzuriga ham kostyumsiz

Qirol Charlz ІІІ bilan uchrashuvda ham Zelenskiy yana kostyumsiz edi. Foto: PA Media
Sammitdan so‘ng Zelenskiy Buyuk Britaniya qiroli Charlz ІІІ bilan uchrashdi. Jurnalistlar yana bir bor uning kiyimiga e’tibor qaratdi – Ukraina prezidenti AQSHga tashrifi chog‘ida bo‘lgani kabi bu safar ham kostyum kiymagan.

Oval kabinetdagi bahsdan oldin ham, keyin ham bu Donald Trampning o‘zi va ba’zi jurnalistlar bunga e’tiroz bildirib, buni «»Oval kabinetga hurmatsizlik» deb baholashgandi.

Qirol Charlz ІІІ esa aftidan bu borada hech qanday muammo ko‘rmagan, deb ta’kidladi sharhlovchilar uchrashuvdan so‘ng.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo