21:01 / 04.03.2025
109

Tashabbus Yevropada. Londonda nimalar muhokama qilindi?

Tashabbus Yevropada. Londonda nimalar muhokama qilindi?
Oq uydan hafsalasi pir bo‘lib qaytgan Zelenskiyni Londonda quchoq ochib kutib olishdi. AQSH yordami to‘xtayotgan bir vaqtda, Yevropa Ukrainani qo‘llashda tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. “Geosiyosat”da RossiyaUkraina urushining diplomatik frontdagi kartinalarini siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov, Muxtor Nazirov va Bektosh Berdiyev sharhladi.

— Makronning 1 oylik otashkesim haqidagi taklifiga tomonlar rozi bo‘ladimi? Qaysidir tomon qarshi bo‘lsa, sababi nima?
Muxtor Nazirov
: Bir oylik sulh, menimcha, hozir taklif darajasida, bu taklif uzoq muddatli tinchlikka olib boruvchi vaqtinchalik o‘tish davrini nazarda tutadi. Yevropa davlatlari ham tinchlikni parvarish qilish masalasini va harbiy qo‘llab-quvvatlash masalasini aniqlab olishlari kerak.

Xatto Zelenskiy ham bu masaladan xabari borligi bildirgan. Lekin buni hali qayta ishlashi kerak, ya’ni bu hozir taklif darajasida. Nazarimda, Trampga xuddi shunday aniq AQSHning manfaatlari ko‘rsatiladigan va Yevropaning imkoniyatlarini taqdim etadigan takliflar kerak.

Ukraina muzokaralarga kirishsa ham kuchli pozitsiyada bo‘lishi kerak, aks holda, muzokaralar bir tomonning ustunligida o‘tadi.

Kamoliddin Rabbimov: O‘zi sulhning strategiyasi yoki vazifasi nima degan savol paydo bo‘ladi. Insoniyat tarixida urushlar juda ko‘p bo‘lgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri birdaniga nihoyasiga yetib qolmaydi. Hozir bir oylik sulhning asosiy maqsadi urush chegarasi hozirgidek nuqtada to‘xtalsin, ikkita tomon ham bir-biriga o‘q otmasin degan pozitsiyada. Bu to‘laqonli tinchlikka erishishdan oldingi vaziyatni muzlatish deyiladi. Ya’ni bir oy davomida biz bu yoqda kelishuv ishlab chiqamiz, ungacha sizlar urushmay turinglar, deyilgan narsa.

Lekin bu yerda juda ziddiyatli masalalar hali kun tartibida turibdi. Asosiy masalalardan biri bu chegara masalasi.

Undan tashqari bu yerda ikkita masala bor: agar taraflardan bittasi ichki jamiyatda rozilikka erishmasa, ma’lum bir muddatdan keyin urush qaytadan boshlanadi. Masalan, “Ikkinchi jahon urushi”, Germaniya o‘zini yutqazib qo‘ygan deb hisoblagan va qolgan davlatlardan o‘ch olishga kirishgan, uning uchun uzoq muddat tayyorlangan. Xuddi shunday, Rossiyaning, Putinning xavotiri, Ukrainaning qolgan qismi NATOga kiradigan bo‘lsa, “Bizga bunday tinchlik kerak emas”, deyapti. Kremlning qo‘yayotgan shartlaridan bittasi – Ukraina neytral davlat sifatida qolishi kerakligi.

Rossiya bir qancha imkonsiz shartlarni ilgari suryapti, ya’ni bosib olingan yerlarni Ukrainaga qaytarib bermaslik. Ikkinchisi, konstitutsiyaga kiritgan hududlar bor, to‘rtta viloyat, ular Rossiyaga berilmaguncha rozi emas. Uchinchisi, Ukraina NATOga kirmasin, ya’ni bu Ukraina uchun to‘laqonli tarixiy kapitulyatsiya. Lekin NATOga a’zo bo‘lish masalasi, menimcha, Putin hokimiyatdan ketgandan keyin bu masala qo‘yilishi mumkin. Buni Rossiya yaxshi biladi, shuning uchun ham Putin bosib olingan yerlar masalasini hozir rasmiylashtirmoqchi. Ya’ni Ukraina bilan Rossiyaning chegara to‘g‘risidagi qarashlari, fundamental bir-biridan farq qiladi.

— Ursula fon der Lyayen Yevropaning qurollanish zaruriyatini o‘rtaga qo‘ydi. Yevroittifoq AQSHsiz zamonaviy harbiy sanoatga erisha oladimi?
Bektosh Berdiyev
: Lo‘nda qilib aytganda albatta erisha oladi, faqatgina bunga vaqt kerak, chunki Yevropada resurs yetarli. Yevropada harbiy texnika, injeneriya, sanoat hammasi yetarli. Faqatgina uni rivojlantirish va keragicha zaxirani tayyorlab olish uchun vaqt kerak bo‘ladi va bu vaqt albatta endi bir kun, bir oy, bir yil, besh yil yetarli emas, balki undan ham ko‘proq vaqt ketishi mumkin. Hozirgi kunda NATO tizimidagi asosiy qurol tizimlari AQSHda ishlab chiqariladi. Lekin har xil turdagi samolyot va raketalar Germaniya, Fransiya va Italiya kabi davlatlarda ishlab chiqarilyapti.

Demak, aytishimiz mumkinki, bugungi Yevropa juda katta harbiy texnikaviy va ilmiy potensialga, shuningdek, moliyaviy potensialga ham ega. Eng muhimi, iroda bor va mana shu irodadan foydalanib, bugun Yevropa albatta buni bir imkoniyat sifatida qarab, o‘zining xavfsizlik tizimini yarata olishi mumkin. Lekin boshqa tomonini tan olaylik: Tramp necha yil hokimiyatda o‘tiradi va qanday holatda ketadi? Undan keyingi hokimiyat AQSH va Yevropa o‘rtasidagi uzilgan rishtalarni qaytadan bog‘lay oladimi? Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan Yevropaning munosabatlari qanday kechadi?!

Muxtor Nazirov: Yevropa uchun Yevropadan tashqari bosimlar kuchli, unda o‘zi mustaqil ravishda harakat qilish qobiliyati va hozirgi NATO bilan bog‘liq muammolar mavjud. Eng asosiy moddasi, beshinchi modda bo‘lmasa, bu tashkilotga ehtiyoj bo‘lmas edi. Chunki so‘nggi mustaqil harbiy amaliyotni Yugoslaviya operatsiyasi vaqtida amalga oshirgan.

So‘nggi paytlarda NATO ko‘proq AQSHning tashqi operatsiyalarda ittifoqchisi yoki yordamchisi sifatida shakllanib qolgan. Qurol-yarog‘ ishlab chiqarish masalasida, hozirgi biz ko‘p tilga oladigan qurol-yarog‘larning aksariyatida baribir AQSHning komponentlari mavjud. Shu vaqt davomida Yevropa bilan AQSH harbiy sanoat masalasida integratsiyalashib ketganki, alohida biror mahsulot ishlab chiqarish qiyin. Bu borada AQSHning ustunligi bor.

Keyingi masala esa Yevropada hozir shu xavfsizlik borasida mas’uliyatini zimmasiga olish uchun juda katta tarixiy imkoniyat bor. Balki tizimli ravishda bunga harakat qilinsa, amalga oshirish mumkin. Hozirgi kunda AQSH manfaatlariga ham mos keladi. Uchinchidan esa Yevropa davlatlarida kuzatuvlarimiz ko‘rsatadiki, shunday kayfiyat borki, har to‘rt yilda Amerika siyosati o‘zgarishi ularning tashqi siyosatlarini juda ham risk ostiga qo‘yyapti. Siyosiy risklar oshib ketmoqda.

Bu Sovuq urush davridagi siyosat emas, qachon Respublikachilar yoki Demokratlar kelishidan qat’i nazar, umumiy liniya o‘zgarmaydi, lekin yondashuvlar o‘zgarishi mumkin. Hozirgi Tramp davrida aynan shu umumiy liniya bilan bir qatorda fundamental o‘zgarishlar ham bo‘lyapti. Bunga Yevropa davlatlari o‘ziga xos tayyorgarlik ko‘rishi, ko‘proq mudofaa sanoati va xavfsizlik institutlarini, ya’ni NATOga muqobil emas, unga parallel ravishda ishlay olishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik institutlarini shakllantirish orqali erishish mumkinligini anglash mumkin.

— AQSH ishtirokisiz Yevropa tinchlikparvar kuchlari hududga kirsa, Rossiya qanday javob beradi?
Kamoliddin Rabbimov
: Rossiya shu paytgacha tashqi ishlar vaziri Lavrov orqali bu masalaga munosabat bildirdi. Ya’ni har qanday shaklda ham Ukrainada NATOga a’zo davlatlar ishtirok etmasligi kerak deyapti.

Bu nima degani? NATOga a’zo bo‘lgan davlatlar NATOning nomidan emas, o‘zining milliy armiyasi yoki davlati nomidan o‘zining harbiylarini yoki tinchlikparvar kuchlarini yuboradigan bo‘lsa, biz buni qabul qilmaymiz deyapti. Agarki NATOga a’zo bo‘lmagan davlatlar bo‘lsa, ular ishtirok etishlari mumkin.

Masalan bunday holatlar tarixda ko‘p bo‘lgan Afrikada, Osiyoning ba’zi bir davlatlarida BMT bayrog‘i ostida neytral davlatlar tinchlikparvar kuchlari faoliyat yuritgan. Rossiyaning nigohida ham neytral bo‘lgan, ya’ni Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Amerika komandasida bo‘lmagan davlatlardan tinchlikparvar kuchlar keladigan bo‘lsa, biz buni o‘ylab ko‘ramiz, degan bir pozitsiyada turibdi. Ya’ni Rossiya bu yerda imkon qadar o‘z sarhadlarini kengaytirib olishga imkoniyat izlayapti.

Oq uydagi uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, Zelenskiy to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Trampga yaqin bo‘lgan ba’zi bir senatorlar, katta-katta yirik siyosatchilar aytyaptiki: Zelenskiy bilan kelishuvga erishib bo‘lmaydi, Zelenskiy bilan Ukraina davlatchiligini saqlab bo‘lmaydi, degan bir kun tartibini oldinga suryapti. Zelenskiyni o‘yindan chiqarish uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi va buning uchun saylovlar zarur. Saylovlarni esa urush fonida amalga oshirish murakkab, aytaylik hozir mart oyi boshlangan bo‘lsa, sentyabr yoki oktyabr oyida saylovlar bo‘lishi uchun shuncha vaqt Ukraina yana qaytadan turbulent holatda qolishi kerak. Ya’ni Ukraina davlatchiligi uchun juda ham katta bosim va mana shu fonda Rossiyaning kun tartibi aniq: urush imkoniyatlarini borgan sari cho‘zish, Ukrainaga qo‘shimcha bosim qilish. Chunki Rossiya o‘ziga ishonyapti, sababi esa Amerika o‘yindan chiqdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo