O‘zgidromet 13–15 iyun yomg‘ir yog‘ishini ogohlantirdi

“O‘zgidromet” joriy yil 13–15 iyun kunlari mamlakat hududida kutilayotgan yog‘ingarchiliklar sababli tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, kuchli yomg‘irlar oqibatida bir qator viloyatlarda sel va suv toshqinlari xavfi ortishi ehtimoli mavjud.
Qashqadaryo viloyatida Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida;
Surxondaryo viloyatida Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida;
Samarqand viloyatida Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida;
Navoiy viloyatida Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlarida;
Jizzax viloyatida Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida;
Toshkent viloyatida Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlarida;
Namangan viloyatida Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
Farg‘ona viloyatida So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlarida;
Andijon viloyatida Andijon, Asaka, Jalalquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahrida sel-suv toshqinlari kuzatilishi mumkin.
Sinoptiklar tog‘li hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar va haydovchilarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. Shuningdek, ayrim joylarda kuchli yomg‘irlar oqibatida pastliklarda suv to‘planishi va ko‘chalarni suv bosishi ehtimoli borligi ta’kidlandi.
Fuqarolarga sel xavfi yuqori bo‘lgan hududlarga zaruratsiz bormaslik, tog‘ yo‘llarida harakatlanishda qoidalarga qat’iy amal qilish tavsiya etildi.





























Izohlar 0
…