Antalyada 267 yo‘lovchili samolyot ustunga urilib to‘xtadi

Antalyada 267 yo‘lovchili samolyot ustunga urilib to‘xtadi

11 iyun kuni Istanbuldan Antalyaga parvoz qilgan yo‘lovchi samolyoti aeroport hududida radar ustuniga borib urilib, noxush holat yuz berdi. Bu haqda “Akdeniz Manset” nashri xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘nish jarayonida samolyot noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtash zonasidagi ustun bilan to‘qnashgan. Ushbu to‘qnashuv aeroport faoliyatida qisqa muddatli uzilishlarga sabab bo‘lgan, voqea joyiga tezkor tibbiy va texnik xizmat guruhlari yetib kelgan.

Turkish Airlines” aviakompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, samolyotda jami 267 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Barcha yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilingan.

Rasmiy bayonotda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari jarohat olmagani ta’kidlandi. Biroq samolyot hamda u urilib ketgan inshootda moddiy zarar qayd etilgan.

Hodisa davomida salon ichida vahima yuzaga kelgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda videolavhalar tarqaldi. Kadrlarda ba’zi yo‘lovchilarning qo‘rquv va sarosimaga tushgani, kislorod niqoblari tushib ketgani ko‘rinadi.

Yo‘lovchilardan birining aytishicha, qattiq zarba ovozi va samolyot qismlarining silkinishi odamlarni chuqur qo‘rqitgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan rasmiy organlar tomonidan texnik tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Aniq sabablar ekspertiza yakunlaridan so‘ng ma’lum qilinadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar