Xitoy suvlarida josus toshbaqalar va baliqlar shov-shuvga sabab bo‘ldi

Xitoy suvlarida josus toshbaqalar va baliqlar shov-shuvga sabab bo‘ldi

Xitoy Davlat xavfsizligi vazirligi chet el razvedka tuzilmalari mamlakatning suv hududlarida yangi turdagi kuzatuv usullaridan foydalanayotgani haqida bayonot berdi.

Vazirlik 12 iyun kuni WeChat platformasida e’lon qilgan ma’lumotda, Xitoy atrofidagi dengiz hududlarida “ko‘rinmas urush” va maxfiy razvedka faoliyati kuchaygani ta’kidlangan.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, ayrim xorijiy idoralar suvosti ma’lumotlarini yig‘ish uchun turli zamonaviy qurilmalardan, shu jumladan sensorlar o‘rnatilgan hayvonlardan ham foydalanmoqda.

Vazirlik ma’lumotida “josus toshbaqalar” va “josus baliqlar” orqali suv muhiti haqidagi ma’lumotlar to‘planib, ular real vaqtda sun’iy yo‘ldosh orqali uzatilgani aytilgan. Bu ma’lumotlar suv harorati, sho‘rlanish darajasi va okean oqimlarini o‘z ichiga olgan.

Biroq rasmiylar ushbu hayvonlar qayerdan olingani va ularni kim texnik jihozlagani haqida aniq ma’lumot bermagan.

Xitoy tomoni, shuningdek, suvosti mayoqchalari va to‘lqin harakati orqali ishlaydigan maxsus “glayder” qurilmalari ham aniqlanganini bildirdi. Ular harbiy kemalar harakati va suvosti tovushlarini kuzatish uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Ma’lumotda qayd etilishicha, Janubiy Xitoy dengizi, Sharqiy Xitoy dengizi va Tayvan bo‘g‘ozi atrofida razvedka faolligi tez-tez kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, Xitoy ommaviy axborot vositalari suv hududlarida shubhali qurilmalarni topgan baliqchilarga katta miqdorda pul mukofotlari berilayotganini ham ma’lum qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar