Dam olish kunlari 42 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda

Dam olish kunlari 42 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda

“O‘zgidromet” 13–14 iyun dam olish kunlari uchun O‘zbekiston hududida kutilayotgan ob-havo sharoiti bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Prognozlarga ko‘ra, juma kuni mamlakatning barcha hududlarida asosan ochiq va kam bulutli osmon saqlanib qoladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi havo harorati 33–36 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Dam olish kunlarida ham aksariyat hududlarda quruq va issiq ob-havo ustunlik qiladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismiga Kaspiy tomonidan nisbatan nam havo massalari kirib kela boshlaydi.

13 iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida, 14 iyun kechasi va ertalab Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm viloyatida, kunning ikkinchi yarmida esa Navoiy va Buxoro viloyatlarining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Havo harorati dam olish kunlari 36–38 daraja atrofida bo‘lishi, cho‘l hududlarda 40 darajagacha, mamlakatning eng janubiy hududlarida esa 42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Shamol sharq yo‘nalishida 7–12 m/s tezlikda esadi, ayrim vaqtlarda 13–18 m/s gacha kuchayib, chang-to‘zonli holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shimoliy va cho‘l hududlarda esa shamol 20–22 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shu kunlar uchun sel va suv toshqini xavfi ham e’lon qilingan.

Toshkent shahrida 12–14 iyun kunlari asosan ochiq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 33–35 darajadan 36–38 darajagacha ko‘tariladi, tungi harorat esa 20–23 daraja atrofida bo‘ladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar