date

Rossiyaliklar uchun 2025 yilning eng muhim voqealari aniqlandi

Rossiyaliklar uchun 2025 yilning eng muhim voqealari aniqlandi

Rossiya jamoatchiligi uchun yakunlanayotgan 2025 yil eng avvalo iqtisodiy bosim va kundalik xarajatlar ortishi bilan yodda qolmoqda. 23 dekabr kuni e’lon qilingan «Levada-sentr» ijtimoiy so‘rovi natijalariga ko‘ra, aholining katta qismi yilning asosiy voqeasi sifatida narx-navo, soliqlar hamda kommunal to‘lovlar qimmatlashuvini ko‘rsatgan.

So‘rovda qatnashganlarning 34 foizi tovar va xizmatlar bahosining oshishi, QQS hamda utilizatsiya yig‘imlari o‘sishi 2025 yildagi eng sezilarli voqea bo‘lganini ta’kidlagan. Mutaxassislar fikricha, bu holat aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qilgani uchun birinchi o‘ringa chiqqan.

Ikkinchi o‘rinda Vladimir Putin va AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp o‘rtasida Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuv qayd etildi. Respondentlarning 29 foizi ushbu sammitni yilning muhim siyosiy voqeasi sifatida baholagan. Uchinchi pog‘onada esa Ukraina dronlarining Rossiya shaharlari va sanoat obyektlariga uyushtirgan hujumlari joy oldi — bu variantni 28 foiz ishtirokchi tanlagan.

To‘rtinchi o‘rin internet bilan bog‘liq muammolarga nasib etdi. Telegram va WhatsApp kabi ommaviy messenjerlar faoliyatidagi cheklovlar va uzilishlar aholining 25 foizi uchun jiddiy masala bo‘lgan. Beshinchi o‘rinda esa Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyati va Suja shahri hududidan siqib chiqarilishi qayd etildi — bu voqeani 23 foiz respondent muhim deb hisoblagan.

Qiziq jihati shundaki, Ukrainadagi urushning o‘zi so‘rovda faqat sakkizinchi o‘rin bilan cheklangan. U «maxsus harbiy operatsiyaning davomi» sifatida tasvirlangan bo‘lib, uni asosiy voqea deb ataganlar ulushi 17 foizni tashkil etgan. Oltinchi o‘rinda esa Ukraina bilan harbiy asirlar almashinuvi turadi — 19 foiz ishtirokchi ushbu jarayonni ahamiyatli deb bilgan.

Yil umumiy baholarga kelganda, respondentlarning 63 foizi 2025 yilni «o‘rtacha» o‘tdi, deb hisoblagan. Faqat 22 foiz uni ijobiy, 15 foiz esa salbiy yil sifatida baholagan. Eng ko‘p ijobiy fikrlar 18–24 va 25–39 yosh toifalari orasida qayd etilgani e’tiborga molik.

Shuningdek, Vladimir Putin siyosatiga ijobiy munosabatda bo‘lganlar orasida yilni yaxshi deb baholaganlar 22 foizni, yomon deganlar esa 9 foizni tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, ushbu ijtimoiy so‘rov 11–19 dekabr kunlari Rossiyaning 50 ta mintaqasida o‘tkazilib, unda 1618 nafar fuqaro ishtirok etgan. Natijalar rossiyaliklar uchun 2025 yil qaysi yo‘nalishlarda eng og‘riqli va qaysi masalalar eng muhim bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyaliklar uchun 2025 yilning eng muhim voqealari aniqlandi