Tramp Eron bilan urush qachon tugashini aytdi

Tramp Eron bilan urush qachon tugashini aytdi

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urushning qachon yakunlanishi mumkinligi haqida bayonot berdi. Uning aytishicha, urush joriy yilning 3 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlardan keyin tugashi mumkin. Bu haqda u 9 sentyabr kuni Vashington yaqinidagi Joint Base Andrews harbiy bazasida jurnalistlarga ma’lum qilgan.

Trampning ta’kidlashicha, Eron urushni uzoq davom ettirishga qodir emas. AQSH Prezidenti Tehron saylovlarga ta’sir ko‘rsatishga urinayotganini ham bildirgan.

«Menimcha, urush saylovdan keyin tugaydi, chunki ular endi bunga bardosh bera olmaydi. Ular saylovga ta’sir o‘tkazishga urinish uchun umidsiz ahvolda», degan Tramp.

Shu bilan birga, u Eron bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimolini ham butunlay rad etmagan. Prezident hozircha Vashington bunday muzokaralarni muhokama qilmayotganini, biroq kelajakda bunday imkoniyat paydo bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«Muzokara bo‘lishi mumkin, ammo hozir biz ko‘rib chiqayotgan masala bu emas», degan AQSH rahbari.

Tramp AQSHning Eronga qarshi harbiy operatsiyalari davom etishiga ham ishora qilgan. Jurnalistlarning hujumlar borasidagi savoliga u qisqa qilib: «Bundan ham ko‘prog‘ini ko‘rasiz», deya javob bergan.

Ma’lum qilinishicha, AQSH tomonidan Eronning beshta neft tankeriga zarba berilganidan so‘ng, Tehron Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida 10 ta kemani nishonga olganini bildirgan. Mintaqada keskinlik kuchayishi ortidan Brent markali neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshgan.

Trampning fikricha, urush yakunlanishi neft narxlarining pasayishiga ham sabab bo‘ladi. U AQSHdagi oraliq saylovlardan keyin neft narxlari tezda tushishini kutayotganini ma’lum qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar