400 yillik maxfiy xabarlar Mug‘ullar sirlarini fosh qildi

Yevropada ilk gazetalar paydo bo‘layotgan davrda Mug‘ullar imperiyasi ham o‘zining mukammal axborot tizimiga ega bo‘lgan. XVI asr oxirlaridan boshlab imperiyada yuzlab kotiblar, maxsus vakillar va yozuvchilar tomonidan «axborotlar» (akhbarat) deb atalgan kundalik xabarnomalar tayyorlangan. Ularda saroydagi siyosiy voqealar, harbiy yurishlar, lavozim tayinlovlari, moliyaviy ishlar, mahalliy boshqaruv va hatto turli mish-mishlar ham qayd etilgan.
Bu fors tilida yozilgan hujjatlar Mug‘ullar imperiyasining axborot tarmog‘ini tashkil etgan. Har kuni yuzlab, ehtimol minglab nusxalar imperiya markazidan turli viloyatlarga yuborilgan, ayrimlari esa mahalliy amaldorlar oldida ovoz chiqarib o‘qib eshittirilgan. Shu tariqa markazdagi voqealar mamlakatning eng chekka hududlarigacha tez yetkazilgan.
Kaliforniya universiteti (Berkli) tarixchisi Munis D. Faruqiy 2007 yildan boshlab Hindiston va Britaniya arxivlarida saqlanayotgan «Axborot-i Darbor-i Muallo» («Oliy saroy xabarnomalari») to‘plamini chuqur o‘rganishga kirishdi. Olim Kolkata Milliy kutubxonasida saqlanayotgan 6500 sahifadan ortiq hujjatni tahlil qilib, o‘n minglab qaydlar orqali shahzodalar, sarkardalar, amaldorlar, saroy ayollari va boshqa muhim shaxslarning hayotini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

Tadqiqot natijalari XVII asrda hukmronlik qilgan Avrangzeb davriga oid ko‘plab qarashlarni qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ldi. Masalan, olim arxivlarda Avrangzeb davrida ommaviy diniy majburlashlar haqida keng tarqalgan tasavvurlarni to‘liq tasdiqlaydigan dalillar juda kam ekanini ta’kidlaydi. Shuningdek, saroydagi ayollar va xojalarning siyosiy ta’siri avval o‘ylanganidan ancha yuqori bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Ayniqsa, Avrangzebning qizi Zinat-un-Niso nomi arxivlarda qayta-qayta uchrashi olimlarni hayratga soldi. Ilgari u haqida juda kam ma’lumot mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yangi hujjatlar uni hukmdorning eng ishonchli siyosiy tayanchlaridan biri sifatida ko‘rsatmoqda. Olimning fikricha, u qarib qolgan Avrangzeb hokimiyatini saqlab qolishda muhim rol o‘ynagan.
Arxivlarning katta qismi bugungi kunda London, Kolkata, Bikaner va Sitamauda saqlanmoqda. Eng boy to‘plam Kolkata Milliy kutubxonasida bo‘lib, u Avrangzeb hukmronligiga bag‘ishlangan 21 jilddan iborat. Tarixchilarning taxminicha, bundan tashqari yana xususiy kolleksiyalarda ham shunga o‘xshash hujjatlar bo‘lishi mumkin.

Faruqiyning aytishicha, ushbu arxivlarni o‘rganish oson emas. Hujjatlarda indeks yo‘q, o‘n minglab yozuvlar ichida kerakli ma’lumotni topish esa «pichan g‘aramidan igna izlash» bilan teng. Biroq aynan shu manbalar Mug‘ullar imperiyasi qanday boshqarilgani, qarorlar qanday qabul qilingani va axborot qanday tarqatilganini batafsil ko‘rsatib beradi.
Olimning ta’kidlashicha, mazkur arxivlar hali to‘liq o‘rganilmagan noyob tarixiy meros hisoblanadi. Ular asosida yana o‘nlab yangi kitoblar va ilmiy tadqiqotlar yaratish mumkin. Bu qo‘lyozmalar Mug‘ullar imperiyasi o‘z davri uchun juda rivojlangan axborot tizimiga ega bo‘lganini hamda uning tarixi haqida hali ochilmagan ko‘plab sirlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.






























Izohlar 0
…