Taker Karlson: “Bizga islom haqida yolg‘on gapirishgan”

Amerikalik mashhur jurnalist Taker Karlson islom va musulmonlar haqidagi ko‘p yillik qarashlari xato bo‘lganini ochiqchasiga tan oldi. U bu haqda Sky News telekanaliga bergan intervyusida gapirib, uzoq yillar davomida aytgan ayrim fikrlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaganini bildirdi. Bu haqda Newsweek nashri xabar qildi.
Karlsonning aytishicha, u uzoq vaqt televideniye orqali islomni xavf sifatida ko‘rsatuvchi fikrlarni bildirgan va o‘sha paytda bu gaplarga chin dildan ishongan.
“Men televideniye orqali ko‘p marta: 'Muammo — islomda. Muammo — musulmonlarda. Ularning hammasi bizni o‘ldirmoqchi. Ular aqldan ozgan. Ular VII asrda Muhammad tomonidan yaratilgan jonkuyarlikka asoslangan aqidaga ergashadi', deganman. Va bunga o‘zim ham ishonganman”, — dedi Karlson.
Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda u o‘sha qarashlarini mutlaqo noto‘g‘ri deb hisoblaydi.
“O‘shanda men vahimaga tushgan ekanman. Chunki haqiqatan ham bunga ishongan edim. Endi esa bilamanki, bu fikrlarning hech biri to‘g‘ri emas. Ammo o‘sha paytda ishonganman”, — deya qo‘shimcha qildi jurnalist.
Karlson suhbat davomida Isroilga bo‘lgan munosabati ham keskin o‘zgarganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha o‘n yil avval ko‘rgan Isroil bilan hozirgi mamlakat o‘rtasida katta farq bor.
“Isroil butunlay o‘zgarib ketdi. Men Isroilga achinyapman. Ammo o‘nlab yillar avval birinchi bor borganimdagi Isroil bilan bugungi Isroil o‘rtasida hech qanday o‘xshashlik qolmagan”, — dedi u.
Jurnalistning Isroil siyosatiga nisbatan tanqidiy munosabati so‘nggi yillarda kuchayib bormoqda. Bu esa unga nisbatan antisemitizm haqidagi ayblovlarni ham ko‘paytirgan. Biroq Karlson bu da’volarni qat’iy rad etib kelmoqda.
Anti-Defamation League (ADL) uni antisemitik qarashlar va fitna nazariyalarini ommaviy axborot maydoniga olib chiqqan eng ta’sirli shaxslardan biri sifatida baholagan.
2025 yil oktyabrida Karlson efirga millatchilik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi Nik Fuentesni taklif qilgan edi. Suhbat davomida Fuentes dunyodagi ko‘plab muammolar uchun yahudiylarni ayblagan.
2026 yil aprelida esa Karlson BBC boshlovchisi Viktoriya Derbishir bilan ham aynan shu mavzuda bahslashgan.
Jurnalistning ta’kidlashicha, uning Isroil hukumati siyosatiga bildirgan tanqidlari millat yoki din bilan bog‘liq emas.
“Albatta, men antisemit emasman. Shuning uchun ham meni shunday atashyapti. Mening Isroilga munosabatim isroilliklarning millati yoki dini bilan bog‘liq emas. Bu faqat mening mamlakatim manfaatlariga zarar yetkazadigan Isroil hukumati qarorlariga nisbatan munosabatimdir”, — dedi Karlson.






























Izohlar 0
…