Fransiyadagi aviahalokat 11 kishining umriga zomin bo‘ldi

Fransiyada yana bir yirik aviahalokat sodir bo‘ldi. Mamlakatning Nansi shahri yaqinidagi Tomblen kommunasida parashyutdan sakrash uchun foydalaniladigan yengil samolyotning qulab tushishi oqibatida bortda bo‘lgan 11 kishining barchasi halok bo‘ldi. Bu haqda France 24 telekanali xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, fojia 28 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. Samolyot Grand Nancy-Tomblaine aerodromidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay, Tomblen shahridagi Salvador Alende ko‘chasida joylashgan turarjoy hududiga qulagan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo kemasi bortida jami 11 kishi bo‘lgan. Ular orasida bir nafar tajribali uchuvchi, besh nafar parashyut instruktori hamda parashyutdan sakrashni ilk bor sinab ko‘rayotgan besh nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Aviahalokat oqibatida ularning barchasi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lgan yo‘lovchilarning aksariyati Nansi shahrida faoliyat yuritgan hamshiralar bo‘lgan. Ular parashyut bilan sakrash mashg‘ulotida ishtirok etish uchun ushbu reysga chiqqan.
Hodisa haqida xabar olinishi bilan voqea joyiga katta kuch va vositalar jalb qilingan. Qutqaruv ishlarida 50 nafar o‘t o‘chiruvchi, 25 ta maxsus texnika, tez tibbiy yordam brigadalari hamda politsiya xodimlari ishtirok etgan. Hudud to‘liq o‘rab olingan va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nyunez hamda Transport vaziri Filipp Tabaro shaxsan voqea joyiga yetib borgan. Ular bergan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tgach, kutilmagan holda boshqaruvni yo‘qotib, yerga qulagan.
Ayni paytda aviahalokatning aniq sabablarini belgilash maqsadida rasmiy tergov boshlangan. Fransiyaning Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini tekshirish byurosi mutaxassislari samolyot qoldiqlarini o‘rganish va texnik ekspertizalar o‘tkazish ishlarini boshlagan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, halokatga samolyot dvigatelida yuzaga kelgan texnik nosozlik yoki havo kemasi ichidagi og‘irlik muvozanatining buzilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq mutaxassislar tergov yakunlanmaguncha aniq xulosa chiqarishga erta ekanini ta’kidlamoqda.
Fransiya Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini tekshirish byurosi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur halokat harbiy va tijorat aviatsiyasi hisobga olinmagan holda, mamlakat fuqarolik aviatsiyasi tarixida eng ko‘p qurbonlar qayd etilgan aviahalokatlardan biri sifatida baholanmoqda.
Tergov natijalari e’lon qilinishi bilan halokatning aniq kelib chiqish sabablari va unga olib kelgan omillar haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…