Sirdaryoda 104 mlrd so‘mlik paxta noqonuniy sotilgani aniqlandi

Sirdaryoda 104 mlrd so‘mlik paxta noqonuniy sotilgani aniqlandi

Sirdaryo viloyatida yuz milliard so‘mdan ortiq qiymatga ega paxta tolasini belgilangan tartibni chetlab o‘tib sotish holati aniqlandi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, qonun talablarini buzgan korxonaga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan birja savdolarini tashkil etish jarayonida raqobatni cheklashga olib keladigan yoki shunday xavfni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan holatlar yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida qonunchilik talablari buzilgani aniqlangan.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, “White Gold Klaster” MCHJ tomonidan jami qiymati 104 milliard so‘mlik 5 ming tonnadan ortiq paxta tolasi birja savdolarisiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali realizatsiya qilingani ma’lum bo‘lgan.

Shu bilan birga, mazkur paxta tolasi mahsuloti narxlari birja savdolarida shakllangan o‘rtacha kotirovka qiymatlari bilan taqqoslanganda yuqoriroq narxlarda sotilgani ham aniqlangan. Bu esa korxonaga 700 million so‘mdan ortiq asossiz daromad keltirgani qayd etilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilgani alomatlari asosida “White Gold Klaster” MCHJga nisbatan rasman ish qo‘zg‘atilgan.

Ish materiallari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilganidan so‘ng korxonaga nisbatan amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mutasaddilar ta’kidlashicha, tovar-xomashyo birjalari orqali amalga oshiriladigan savdolarning asosiy maqsadi bozorda ochiqlik, shaffoflik va halol raqobat muhitini ta’minlashdan iborat. Belgilangan tartiblarni chetlab o‘tish esa raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hamda bozorda adolatli narx shakllanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar