Boshisiz ikki hafta yashagan tilla baliq olimlarni hayratga soldi

Xitoyda sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy voqea internet foydalanuvchilarini hayratga soldi. Bosh qismining katta qismi yo‘qolganiga qaramay, oddiy tilla baliq qariyb ikki hafta davomida tirik qolgani va hatto bemalol suzgani tasvirlangan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Dastlab ko‘pchilik ushbu videoni sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan soxta lavha deb o‘yladi. Ammo keyinchalik mutaxassislar voqea haqiqatan ham sodir bo‘lganini va bu holatni baliq anatomiyasi bilan izohlash mumkinligini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea joriy yil boshida Xitoyda ro‘y bergan. Baliq egasi uning bosh qismida to‘qimalar asta-sekin yemirilib borganini aytgan. Bu, ehtimol, infeksiya yoki suv sifati yomonlashgani oqibatida yuzaga kelgan. Kasallangan to‘qimalarni boshqa baliqlar cho‘qib yeyishi esa jarohatning yanada og‘irlashishiga sabab bo‘lgan.
Shunga qaramay, tilla baliq ko‘zlari, og‘zi va miyasining bir qismi yo‘qolgan holda ham suzishda davom etgan. Olimlar buni baliq miyasining insonnikidan mutlaqo boshqacha tuzilgani bilan tushuntirmoqda. Hayot uchun eng muhim vazifalarni boshqaruvchi miya poyasi tananing ichkariroq qismida joylashgani sababli nafas olish va qon aylanishi saqlanib qolgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, baliqlarning suzish harakati ham doimiy ravishda miya tomonidan emas, balki orqa miyadagi asab tarmoqlari orqali boshqariladi. Shuning uchun u boshining katta qismi bo‘lmasa ham harakatlanishda davom etgan.
Bundan tashqari, baliq tanasining ikki yonida joylashgan maxsus sezgi tizimi suvdagi bosim o‘zgarishlarini his qiladi. Ana shu mexanizm unga ko‘zlarisiz ham to‘siqlarga urilmasdan suzish imkonini bergan.
Afsuski, bu kurash uzoq davom etmagan. Baliq taxminan ikki hafta yashaganidan keyin nobud bo‘lgan. Olimlar uning o‘limiga katta ochiq jarohat sabab tanasiga ortiqcha chuchuk suv kirib ketgani, organizmdagi tuz va elektrolitlar muvozanati izdan chiqqanini asosiy sabab sifatida ko‘rsatmoqda.






























Izohlar 0
…