Nega mashhur qishloq har yakshanba turistlarni kiritmaydi?

Hindistonning shimoli-sharqida joylashgan, «Osiyoning eng toza qishlog‘i» sifatida mashhur bo‘lgan Mavlinnong (Mawlynnong) uzoq yillar davomida sayyohlar uchun eng ommabop manzillardan biri hisoblanib keldi. Bu yerga har hafta, ayniqsa shanba kunlari, yuzlab va hatto ming nafarga yaqin sayyoh tashrif buyurib, gullarga burkangan ko‘chalar, mutlaqo ozoda muhit va mahalliy aholining tozalikka bo‘lgan munosabatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga intiladi.
Biroq 2026 yil yanvaridan boshlab qishloq aholisi kutilmagan qaror qabul qildi. Endi har yakshanba kuni qishloqqa bir kun sayyohlar kiritilmaydi. Qishloqqa olib kiruvchi yagona yo‘lda o‘rnatilgan temir darvozalar yopiladi va qo‘riqchilar tomonidan nazorat qilinadi. Shu tariqa mahalliy aholi turistlar keltiradigan daromaddan bir kunga voz kechib, ushbu kunni faqat o‘zlari uchun ajratishga qaror qildi.
Turizm hayotni o‘zgartirdi, ammo…

Bangladesh chegarasiga yaqin, Hindistonning Meghalaya shtatida joylashgan Mavlinnong 2003 yilda Discover India jurnali tomonidan «Osiyoning eng toza qishlog‘i» deb e’tirof etilganidan keyin butun mamlakat bo‘ylab mashhurlikka erishdi.
Bu unvon Hindiston kabi sanitariya muammolari dolzarb bo‘lgan mamlakat uchun katta ahamiyatga ega edi. Qishloqda bolalar kichik yoshidanoq atrof-muhitni toza saqlashga o‘rgatiladi. Ular har tong maktabga borishdan avval ko‘chalarni supurishadi, qurigan barglar va chiqindilarni yig‘ishadi. Biologik chiqindilar alohida yo‘q qilinadi, jamoat joylarini ko‘kalamzorlashtirish esa mahalliy aholi uchun oddiy odatga aylangan.
2014 yilda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakat bo‘ylab «Clean India Mission» dasturini boshlaganida ham aynan Mavlinnongni barchaga namuna sifatida keltirgan edi.
Shundan keyin qishloqqa qiziqish yanada ortdi. Ilgari asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullangan aholi mehmon uylari, kafe va restoranlar ochdi, esdalik sovg‘alari sotishni yo‘lga qo‘ydi. Turizm mahalliy iqtisodiyotning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Nega yakshanba kuni turistlar kiritilmaydi?

Oradan qariyb yigirma yil o‘tib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keluvchilar soni yanada ko‘paygach, qishloq qo‘mitasi turizm va oddiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni qayta tiklash zarur degan qarorga keldi.
Mahalliy aholining aksariyati xristianlardan iborat. Shu bois yakshanba ular uchun ibodat va oila davrasida o‘tadigan muhim kun hisoblanadi.
Qishloq qo‘mitasi a’zosi Preshes Xongdupning ta’kidlashicha, bu qarorning asosiy maqsadi qishloqning madaniy qiyofasini, qadriyatlarini va uni mashhur qilgan tartib-intizomni saqlab qolishdir.
Mahalliy aholi vakili Festival Xarrimba ham bu qarorni qo‘llab-quvvatlaydi.
«Endi biz bemalol cherkovga boramiz, ibodat qilamiz. Turistlar bo‘lganda esa doim ish bilan band bo‘lib qolardik», deydi u.
Qizig‘i shundaki, taqiq joriy etilmasidan avval ham yakshanba kuni qishloqdagi deyarli barcha do‘kon va restoranlar ishlamasdi. Faqat ikkigina ovqatlanish joyi ochiq bo‘lardi. Shu sababli sayyohlar uchun ham qulaylik yetarli emasdi.
Turizm ortidan farovonlik keldi

Qishloq aholisi turizmning ijobiy tomonlarini ham inkor etmaydi.
Preshes Xongdupning aytishicha, 2003 yilgacha Mavlinnong atrofdagi qishloqlar bilan ham yaxshi avtomobil yo‘llari orqali bog‘lanmagan. Bugun esa turizm hisobiga ko‘plab oilalar yangi beton uylar qurishga muvaffaq bo‘lgan. Ilgari esa aksariyat xonadonlar somon tomli uylarda yashagan.
Hatto mahalliy aholining aytishicha, qishloqdagi deyarli barcha oilalar yakshanba kuni turistlarni qabul qilmaslik tashabbusini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan.
Tozalikni saqlash — asosiy maqsadlardan biri

Qishloqdagi har bir mehmon chiqindilarni maxsus qo‘lda yasalgan savatlarga tashlashi talab qilinadi. Ko‘chalarda «Tuflamang, qoidabuzarlar jarimaga tortiladi» degan ogohlantiruvlar ham joylashtirilgan.
Biroq so‘nggi yillarda internetda sayyohlar tomonidan tashlab ketilgan plastik idishlar aks etgan videolar tarqalgach, mahalliy aholi bunday holatlardan jiddiy xavotirlana boshladi.
Xongdupning ta’kidlashicha, yigirma yil davomida har kuni sayyohlarni qabul qilgan aholiga ham dam olish kerak.
«Bizga ham bir kunlik tanaffus zarur. Agar haftada bir kun turistlar kelmasa, biz yana haqiqiy qishloq hayotini his qilishimiz mumkin», deydi u.
Yakshanba — faqat mahalliy aholi uchun

Yakshanba kuni qishloq manzarasi butunlay o‘zgaradi. Cherkov tomon yo‘l olgan odamlar, yopiq suvenir do‘konlari, bo‘m-bo‘sh avtoturargoh va uylardan yangrayotgan diniy qo‘shiqlar qishloqqa o‘ziga xos sokin muhit bag‘ishlaydi.
Albatta, ba’zi turistlar bu qarordan norozi. Ular taqiqni haftaning boshqa kuniga ko‘chirish mumkinligini aytishadi. Ammo Nyu-Dehlidan kelgan professor Vijaya Debnat kabi mehmonlar mahalliy aholining qarorini tushunishini bildirmoqda.
Uning fikricha, aynan ana shunday tartib va mas’uliyat tufayli Mavlinnong bugungacha «Osiyoning eng toza qishlog‘i» maqomini saqlab qolmoqda.
Hindistonda tozalikni yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari amalga oshirilayotganiga qaramay, Mavlinnong hali ham butun mamlakat uchun noyob namuna bo‘lib qolmoqda. Bu yerda haftaning olti kuni sayyohlar kutib olinadi. Yettinchi kun esa qishloq o‘z aholisiga, ularning oilasi, ibodati va osoyishta hayotiga bag‘ishlanadi.






























Izohlar 0
…