Venesuelada zilziladan keyin osmon nega qon tusiga kirdi?

Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli zilzila ortidan osmonning qon-qizil tusga kirishi ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik bu holatni yangi tabiiy ofatlar alomati sifatida baholagan bo‘lsa-da, mutaxassislar hodisaning ilmiy izohini keltirdi.
VTV davlat telekanali ma’lumotiga ko‘ra, osmonning qizg‘ish rangga kirishi geologik jarayonlar bilan emas, balki atmosferada to‘plangan chang va mayda zarrachalarning quyosh nurlarini sochishi natijasida yuzaga kelgan.
Mutaxassislar tushuntirishicha, bu hodisa «Reley sochilishi» deb ataladi. Atmosferada chang miqdori keskin oshganda, ayniqsa zilzila, kuchli shamol yoki changli havo kuzatilgan paytlarda ushbu optik effekt yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.

Telekanal qayd etishicha, bunday manzaralar ayrim hollarda odamlar tomonidan yangi zilzilalar yoki boshqa tabiiy ofatlarning darakchisi sifatida noto‘g‘ri talqin qilinadi. Biroq olimlar bu oddiy atmosfera hodisasi ekanini va xavotir uchun asos yo‘qligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, mutaxassislar «zilzila chiroqlari» deb ataluvchi yana bir noyob tabiiy fenomen haqida ham eslatdi. Bu hodisa yer qobig‘ida kvars saqlovchi jinslar kuchli bosim va ishqalanish ta’sirida parchalanganda yuzaga keladi. Natijada elektr zaryadlari hosil bo‘lib, osmonda qisqa muddatli yorug‘lik chaqnashlari kuzatilishi mumkin.

Olimlar ta’kidlashicha, osmon rangidagi bunday o‘zgarishlar har doim ham yangi ofatlardan darak bermaydi. Aksariyat hollarda bu atmosferadagi tabiiy fizik jarayonlar bilan izohlanadi.






























Izohlar 0
…