Olimlar kutmagan xavfli yo‘lbars akula yangi hududda paydo bo‘ldi

Massachusets shtati sohillarida odatda uchramaydigan, uzunligi taxminan 1,5 metr bo‘lgan yosh yo‘lbars akulasi tutilib, keyin dengizga qo‘yib yuborildi. Hodisa Keyp-Kod yarimoroli sohillarida aka-uka Neyt va Nelson Ruettning tungi baliq ovi vaqtida yuz berdi. Mutaxassislar yo‘lbars akulalarining shimoliy hududlarda ko‘proq uchray boshlashini Atlantika okeani suvlarining isishi va iqlim o‘zgarishi bilan izohlamoqda.
AQSHning Massachusets shtati sohillarida odatda uchramaydigan yo‘lbars akulasi tutilishi olimlar e’tiborini tortdi. Mutaxassislar bu holat okean suvlarining isishi va iqlim o‘zgarishi oqibatida dengiz ekotizimida yuz berayotgan o‘zgarishlarning yana bir belgisi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Hodisa Keyp-Kod yarimoroli sohillarida sodir bo‘lgan. Massachusetsda yashovchi aka-uka Neyt va Nelson Ruett tungi baliq ovi vaqtida qarmoqqa ilingan jonivorning yo‘lbars akulasi ekanini ko‘rib hayratda qolgan. Neyt Ruettning aytishicha, akulaning tanasidagi o‘ziga xos ko‘ndalang chiziqlarni ko‘rgan zahoti uning qaysi turga mansubligini anglagan. Keyinchalik ular uzunligi taxminan 1,5 metr bo‘lgan yosh akulani yana dengizga qo‘yib yuborgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘lbars akulalari odatda Karib dengizi va boshqa tropik hududlarda yashaydi. Ular 4,5 metrdan ortiq uzunlikka va 635 kilogrammgacha vaznga yetishi mumkin. Bu tur dengizdagi eng yirtqich akulalardan biri hisoblanadi va katta yoshdagilari inson uchun ham xavfli sanaladi, biroq sababsiz hujumlar juda kam uchraydi.

Bostondagi Yangi Angliya akvariumining ilmiy xodimi Jon Chis'holmning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda shimoliy hududlarda yosh yo‘lbars akulalari ko‘proq uchray boshlagan. Olim buni Atlantika okeani suvlarining isishi bilan izohlab, hudud kelajakda ular uchun ko‘payish joyiga aylanishi mumkinligini aytdi.
Mutaxassislar qayd etishicha, iqlim o‘zgarishi tufayli nafaqat yo‘lbars akulalari, balki katta oq akulalar va qora dengiz okuni kabi boshqa dengiz jonivorlari ham tobora shimoliy hududlarga siljimoqda. Olimlar bu jarayon dengiz ekotizimidagi muhim o‘zgarishlardan biri ekanini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…