AQSHning aniq zarba beruvchi raketalari deyarli tugadi

AQSH armiyasi Eron bilan besh oydan beri davom etayotgan mojaro davomida ATACMS va PrSM raketalarining deyarli barchasini sarflab yuborgan. Ikki manba ushbu qurollar zaxirasi "deyarli to'liq" tugaganini bildirgan, biroq omborlarda qancha raketa qolgani oshkor qilinmagan.
AQSH armiyasi Eron bilan besh oydan beri davom etayotgan harbiy mojaro davomida uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi raketalar zaxirasining katta qismini sarflab yuborgan. Bu haqda vaziyatdan xabardor uch manbaga tayanib, “Reuters” ma’lum qildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH armiyasi yer usti nishonlarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan ATACMS va PrSM raketalarining deyarli barchasidan foydalangan. Ikki manba ushbu qurollar zaxirasi “deyarli to‘liq” tugaganini bildirgan. Biroq AQSH omborlarida aynan qancha raketa qolganiga oid aniq raqamlar oshkor qilinmagan.
ATACMS uzoq masofadan turib nishonlarga aniq zarba berish imkonini beruvchi raketa tizimi bo‘lib, undan Ukraina ham Rossiya hududidagi ayrim nishonlarga qarshi foydalangan. PrSM esa ATACMS o‘rnini bosishi kutilayotgan yangi avlod raketasi hisoblanadi.
Harbiy ekspertlarning fikricha, qiymati 1 million dollardan oshadigan bunday raketalar AQSH uchun nafaqat Eron bilan mojaro, balki kelajakda Xitoy bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy qarama-qarshilik nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyatga ega.
“Reuters” manbalarining ta’kidlashicha, mojaroning kutilganidan uzoq davom etishi AQSH qurol-yarog‘ zaxiralariga bosimni kuchaytirgan. Shu sababli Vashington kamayib borayotgan raketa arsenalini qayta to‘ldirish choralarini ko‘rmoqda.
Jumladan, Raytheon kompaniyasi Pentagon bilan Tomahawk raketalarini ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishni ko‘zda tutuvchi ko‘p yillik kelishuvga erishgan. Bu AQSHning raketa zaxiralarini tiklashga qaratilgan kengroq sa’y-harakatlarining bir qismi sifatida baholanmoqda.






























Izohlar 0
…